Rustam Umarov Janubiy Koreya Prezidenti bilan uchrashdi
Olam
−
27 noyabr
5847Bugun, 27 noyabr kuni Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Seulga tashrif buyurgan Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarovni qabul qilib, Rossiya va KXDR o‘rtasidagi hamkorlikka qarshi kurash masalalarini muhokama qildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Yun Sok Yol Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik, jumladan, Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaga yuborilishidan kelib chiqadigan xavfsizlik tahdidlariga amaliy javob berish rejasini ishlab chiqish Janubiy Koreya va Ukraina uchun foydali bo‘lishini ta’kidlagan.
Shuningdek, Ukraina delegatsiyasi Janubiy Koreyaning milliy xavfsizlik boshqarmasi rahbari Sin Von Sik va Mudofaa vaziri Kim Yon Xyon bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Umarovga ko‘ra, delegatsiya tarkibida Mudofaa, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklarining vakillari bo‘lgan.
“Seul Ukraina va Janubiy Koreya o‘rtasida turli kanallar orqali so‘nggi paytlarda yaqin aloqa va hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini yuqori baholadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Seul Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha “qo‘l qovushtirib o‘tirmasligini” va mamlakat tegishli choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Seul Ukrainaga qurol yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor, chunki Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyada joylashishi ehtimoli global xavfsizlikka, nafaqat Koreya yarimoroli, balki Yevropaga ham tahdid soluvchi provokatsiya hisoblanadi.
LiveBarchasi