Zelenskiy Rustam Umarovni yangi lavozimga tayinlamoqchi
Olam
−
22:11 1013 1 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustam Umarovni Tashqi razvedka xizmati rahbari etib tayinlaydi. Bu haqda Vladimir Zelenskiyning o‘zi ma’lum qildi.
Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Umarov bir qator asosiy yo‘nalishlarni muvofiqlashtirishni davom ettiradi. Ular orasida AQSH va boshqa hamkorlar bilan hamkorlik, mudofaa, diplomatiya masalalari, urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar jarayoni, shuningdek, dronlar sohasi bor.
Zelenskiy MXMK kotibining almashishini 17 iyul kuni e’lon qilgan edi. U ushbu lavozimni egallashni Ichki ishlar vazirligining sobiq rahbari Igor Klimenkoga taklif qildi. Ukraina OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda Umarov Ukrainaning AQSHdagi elchisi lavozimiga nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqilayotgan bo‘lgan.
Umarov 2025 yil iyul oyida MXMK rahbari etib tayinlangan edi. Kengash kotibi lavozimida u, jumladan, AQSH va Rossiya bilan muzokaralarda Ukrainaning bosh vakili sifatida chiqish qildi.
Bungacha Umarov Ukraina Mudofaa vaziri lavozimini egallagan. Ushbu lavozimdagi faoliyati sabab u Ukrainada so‘nggi yillardagi eng shov-shuvli korrupsiya ishlaridan biri – “Energoatom” ishida tilga olingan edi. Ushbu ish bo‘yicha Umarov guvoh sifatida so‘roq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy sobiq Mudofaa vaziri Mixaylo Fyodorovga mamlakatning texnologik salohiyatini birlashtirish va uni yanada rivojlantirish imkonini beradigan rahbarlik lavozimini taklif qilgandi.
Live
Barchasi