Ruminiya rus delegatsiyasiga viza berishdan bosh tortdi
Olam
−
15 iyun
8449Ruminiya Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasining Yevropadagi yillik sessiyasida ishtirok etish uchun Rossiya delegatsiyasi a’zolariga viza berishdan bosh tortdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Grigoriy Karasin o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Karasinning so‘zlariga ko‘ra, Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi munosabati bilan mamlakat delegatsiyasi a’zolaridan hech biriga vizalar bermaydi va ularning mamlakatga kirishiga ruxsat berilmaydi.
“Iyun oyining oxirida Buxarestda YeXHT Parlament Assambleyasining sessiyasi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biz Ruminiya Tashqi ishlar vazirligidan nota oldik. Unda Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi hisobga olingan holda, Rossiya delegatsiyasi a’zolarining hech biriga vizalar berilmaydi hamda ularning Ruminiyaga kirishiga ruxsat tegmasligi aytilgan”, deya yozgan Grigoriy Karasin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rasmiy Buxarestning bu qarorini eslab qoladi va hech qachon unutmaydi.
“Bravo, ruminiyaliklar! Sizlar Yevropadagi hamkorlik uchun bir vaqtlar foydali bo‘lgan tashkilotni yo‘q qilishga hissa qo‘shyapsiz. Biz buni bir kun albatta eslaymiz!”, deya davom etgan rais.
Ma’lumot uchun, sessiya 2024 yilning 29 iyun-3 iyul kunlari Buxarestda bo‘lib o‘tadi. Rossiya YeXHT Parlament Assambleyasining to‘rtta yig‘ilishi va sessiyalarida qatnashmadi. Bular 2022 yilda Buyuk Britaniyada, 2023 yilda Kanada va Armanistonda, 2024 yilda Avstriyada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlar edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning iyun oyi oxirlarida Ruminiya rossiyalik diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yuborayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis NATO Bosh kotibi lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi