Dunyo futbolida ilk bor qora kartochka joriy etildi

Sport

image

Ruminiya futbol federatsiyasi (FRF) dunyoda birinchi bo‘lib qora kartochkani joriy etdi. Ushbu chora yoshlar jamoalari o‘yinlarida ota-onalar va tomoshabinlarning nomaqbul xatti-harakatlariga qarshi kurashish maqsadida qo‘llaniladi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar berdi.

Yangi qoida mahalliy mavsum boshidan 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi musobaqalarda kuchga kiradi.

Qora kartochka tomoshabinlarning xatti-harakatlari sababli uchrashuvning muddatidan oldin yakunlanishini anglatadi. Bunda hakam avval o‘yinni to‘xtatib, murabbiylardan muxlislarga murojaat qilishni so‘raydi.

Agar qoidabuzarliklar davom etsa, jamoalar 10 daqiqaga kiyinish xonasiga yuboriladi. Uchrashuv qayta boshlanganidan keyin ham nomaqbul xatti-harakatlar takrorlansa, hakam qora kartochka ko‘rsatadi va o‘yinni muddatidan oldin yakunlaydi.

“FRF’ning pozitsiyasi aniq: bolalar tribunadagi kattalarning ambitsiyalari, bosimi yoki noroziligi qurboniga aylanmasligi kerak. Qora kartochka tomoshabinlar yoki ota-onalarning nomaqbul xatti-harakatlari tufayli hakamga o‘yinni muddatidan oldin yakunlash uchun vizual signal bo‘lib xizmat qiladi. Bunday xatti-harakatlar nafaqat o‘yinni buzadi, balki bolalar va butun jamoaga bevosita ta’sir qilishi mumkin”,  deyiladi federatsiya bayonotida.

Ushbu tartib ota-onalar va tomoshabinlar tomonidan bolalar, murabbiylar, hakamlar, uchrashuv rasmiylari va boshqa muxlislarga nisbatan og‘zaki haqorat, qo‘pol so‘zlar, janjal, turtish va boshqa tajovuzkor xatti-harakatlar sodir etilgan holatlarda qo‘llaniladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing