Futbolda elektron kartochkalar sinovdan o‘tkazildi
Sport
−
12:49 665 1 daqiqa
Urugvayda futbol hakamlari uchun mo‘ljallangan elektron kartochkalar ilk bor “Nasonal” va “Rentistas” jamoalari o‘rtasidagi Kubok uchrashuvida sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Tajriba Urugvay Kubogining “Nasonal” va “Rentistas” jamoalari o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvida qo‘llanildi. Mezbonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozongan bahsda hakam Eduardo Varela an’anaviy kartochkalar o‘rniga smartfonga o‘xshash elektron qurilmadan foydalandi.
Qurilmadagi birinchi elektron kartochka 12-daqiqada ko‘rsatildi. O‘shanda “Rentistas” yarim himoyachisi Xuan Pablo Plada ogohlantirildi.
Uchrashuv davomida boshqa ogohlantirishlar ham qayd etildi. Keyinchalik “Nasonal” futbolchisi Nauel Helos maydondan chetlatildi. Hakam qurilma ekranida qizil chiroqni yoqish orqali qizil kartochkani namoyish qildi.
Urugvay futbol assotsiatsiyasi mahalliy kompaniya bilan hamkorlikda “virtual kartochkalar” deb nomlangan qurilmalarni ilk bor katta futbolga olib kirdi. Gadjet elektron bloknot vazifasini bajaradi. U orqali hakamlar ogohlantirishlar, chetlatishlar, almashtirishlar, penaltilar va uchrashuvdagi boshqa voqealarni qayd etishlari mumkin. Qurilmaga kiritilgan ma’lumotlar real vaqt rejimida assotsiatsiyaning elektron tizimiga uzatiladi.
Live
Barchasi