Qabristonda pandemiya davriga oid jasadlar solingan qoplar topildi (video)
Olam
−
11:56 4178 4 daqiqa
Ruminiyaning Slatina shahridagi Streherets qabristonida COVID-19 pandemiyasi davriga tegishli, chirimagan jasadlar solingan yashirin qoplar topildi. Bu haqda Slatina shahar hokimi Mario De Metsso matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, qabristonda ta’mirlash va qabr qazish ishlari olib borilayotganda ishchilar inson suyaklarini aniqlagan va bu haqda politsiyaga xabar bergan. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar qazish ishlarini davom ettirgan.
“Yuzlab inson suyaklari topildi va ularni Olt okrugi politsiyasi tergov uchun olib ketdi. Biroq o‘ta jiddiy jihat shundaki, qazish ishlari davomida COVID davriga tegishli chirimagan jasadlar solingan qoplar ham topildi. Ularda dafn sanasi ko‘rsatilgan, bu qoplar pandemiya davrida ishlatilgan maxsus qoplar bo‘lgan”, degan Mario De Metsso.
Hokimning ta’kidlashicha, pandemiya davrida jasadlarni dafn etish uchun maxsus tartib amal qilgan. Uning aytishicha, agar dafn joyi foydalanilmayotgan bo‘lsa, qabriston ma’muriyati u yerdan topilgan suyaklarni boshqa joyga yoki umumiy qabrga emas, aynan o‘sha joyda maxsus tayyorlangan bo‘shliqqa qayta dafn etishi kerak.
“Qabristondan foydalanish va uni boshqarish qoidalarida bu juda aniq yozilgan. Agar tashlab qo‘yilgan dafn joylarida suyaklar topilsa, kompaniya ularni o‘sha joyda maxsus tayyorlangan bo‘shliqlarga dafn qilishi shart. Qoidalarda umumiy qabr qazish kerakligi emas, balki suyaklarni o‘sha joydagi maxsus bo‘shliqlarga dafn etish majburiyati belgilangan”, degan u.
De Metsso bir necha yil oldin sodir bo‘lgan yana bir holatni ham tilga olgan. Uning aytishicha, qabristonning sobiq xususiy ma’muri dafn qilinishi kerak bo‘lgan inson jasadi solingan tobutni arra bilan kesib, uni qabrga sig‘dirgan.
“Eng yorqin misollardan biri – sobiq ma’mur arra bilan kelib, oila a’zolari oldida tobutni kesgan va “endi solinglar, hozir sig‘adi” degan. Bu yerda gap endi shafqatsizlik yoki g‘ayriinsoniylik haqida emas, balki meningcha, bu dunyoda, ehtimol, eng yovvoyi joylarni hisobga olmaganda, bunga o‘xshash holat yoki teng keladigani yo‘q narsalar haqida ketmoqda”, degan shahar hokimi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha sud jarayonlaridan keyin shahar ma’muriyati qabristonni xususiy operatordan qaytarib olgan.
De Metsso umumiy qabr topilgan joyga yaqin hududda xuddi shunday yana bir qabr borligini bildirgan. Uning aytishicha, ikkala kripta ham yaqinda qurilgan va birinchi kripta ostida inson suyaklari topilganidan keyin ikkinchi kripta ostida ham qazish ishlarini olib borishni prokuratura va politsiyadan so‘ragan.
“Men prokuratura va Olt okrugi politsiyasidan ikkinchi kripta ostida ham qazish ishlarini olib borishni so‘radim. Menga buni amalga oshirish uchun yetarlicha aniq dalillar yo‘qligi aytildi. Nima? Suyaklar o‘zlari yer yuziga chiqib, “biz shu yerdamiz” deb aytishi kerakmi? Agar 50 santimetr chuqurlikda yuzlab inson suyaklari solingan o‘nlab qoplar topilsa, qanday qilib yetarlicha asos yo‘q deyish mumkin? Bu anomaliya”, degan De Metsso.
Hokim tergovchilarni ishni sustkashlik bilan olib borayotganlikda tanqid qilgan va ularni ishni bajarib, voqea haqiqatini aniqlashga chaqirgan.
“Agar og‘irlik darajasi bo‘yicha xuddi shunday vaziyatda ayblanuvchi men bo‘lganimda, qo‘llarimga kishan taqilib, butun mamlakatga ko‘rsatilgan bo‘lardim, deb kafolat beraman. Bugun prokuratura va Olt politsiya inspektorati toshbaqa tezligida harakat qilmoqda va Slatina shahar ma’muriyatining qonuniy so‘rovlarini rad etmoqda”, degan u.
De Metsso hozirgacha ushbu jinoiy ish bo‘yicha hech kim so‘roq qilinmaganini, hatto qabristonni boshqargan kompaniya ma’muri ham chaqirilib, qilgan ishlari haqida tushuntirish bermaganini ta’kidlagan.
“Bir hafta o‘tdi va bu ish bo‘yicha hech kim so‘roq qilinmadi. Hech kim. Nimani kutyapmiz? Hujjatlar yo‘q qilinishinimi? Ularga kerak bo‘lgan tarzda o‘zgartirilishinimi? Olt okrugi politsiya inspektorati va prokuraturadan o‘z ishini bajarishini so‘rayman va talab qilaman”, degan shahar hokimi.
Qayd etilishicha, inson suyaklari solingan bir nechta qop joriy yilning 16 sentyabr kuni dafn ishlari bilan bog‘liq qazish ishlarini olib borayotgan xodimlar tomonidan topilgan. De Metsso ikki hafta oldin sud ijrochisi yordamida qabristondan chiqarilgan sobiq xususiy ma’murni ayrim qabr joylarini bo‘shatish uchun inson qoldiqlarini olib tashlaganlikda ayblagan.
Sud manbalariga ko‘ra, 16 sentyabr kuni mazkur kripta ostidagi qabrdan olti qop suyak olib chiqilgan. 18 sentyabr kuni esa xuddi shu joydan yana 13 qop suyak topilgan.
Shaharning eng yirik qabristoni hisoblangan Streherets 16 yil oldin Slatina shahar ma’muriyati tomonidan xususiy kompaniyaga boshqaruv uchun berilgan edi. So‘nggi yillarda qabristonni boshqarish tartibi va kompaniya tomonidan undirilayotgan to‘lovlar yuzasidan aholi shikoyatlari ko‘paygan.
Shu sababli shahar ma’muriyati ikki yil oldin xususiy kompaniya bilan shartnomani bekor qilish va qabristonni yana shahar ma’muriyati tasarrufiga qaytarish jarayonini boshlagan.
Live
BarchasiPutin To‘qayev bilan ham telefonlashdi
21 sentabr
Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
21 sentabr