Ruminiya 10 ming nafar harbiy bilan safarbarlik mashg‘ulotlarini boshladi

Olam

−

image

Ruminiya MOBEX Bucharest — Ilfov 26 nomli safarbarlik mashg‘ulotlarini boshladi, unda 43 yoshdan 63 yoshgacha bo‘lgan 10 mingga yaqin zaxiradagi harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda. Manyovrlar 12 oktyabrgacha davom etadi. Bu haqda Ruminiya Milliy mudofaa vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mashg‘ulotlar doirasida rezervchilar ularning tayyorgarlik darajasini baholash uchun harbiy qismlarga bir kunga chaqirilmoqda.

Mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin rezervchilar tibbiy va psixologik ko‘rikdan o‘tishlari kerak. Shundan so‘ng ular tibbiy, muhandislik va aloqa tayyorgarligini o‘taydi, shuningdek, ajratilgan qurollardan otish mashqlarini bajaradi. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarga o‘z bo‘linmalari tomonidan foydalaniladigan texnika va asbob-oskunalar namoyish etiladi. Ushbu mashg‘ulotlar doirasida ilk bor harbiy xizmatchilar Buxarest garnizoni qurollanishiga yaqinda qabul qilingan 9 mmli to‘pponchadan o‘t ochadi.

Milliy mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, MOBEX mashg‘ulotlari har yili o‘tkaziladi va mamlakat mudofaasi hamda xavfsizligi uchun mas’ul tuzilmalarning shaxsiy tarkib va moddiy resurslar bilan ta’minlanganlik darajasini baholash imkonini beradi. Manevrlarda asossiz ravishda qatnashmaslik yoki ishtirok etishdan bosh tortish huquqbuzarlik hisoblanadi va jarimaga olib kelishi mumkin.

Buxarest va Ilfov uyezdida bu kabi oxirgi mashg‘ulotlar o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan edi. Milliy mudofaa vazirligi manevrlar rejali xususiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan.

Mashg‘ulotlar NATO mamlakatlarining Rossiya bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojarodan xavotirlanishi fonida bo‘lib o‘tmoqda. 5 oktyabr kuni “Bloomberg” alyans tomonidan sharqiy flangdagi mamlakatlarga ehtimoliy hujumni qaytarish uchun dronlar va sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishni ko‘zda tutuvchi strategiya tayyorlangani haqida xabar bergandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing