Afsuski, O‘zbekistonda rus tiliga ustuvor ahamiyat berilmayapti – rossiyalik siyosiy ekspert
Olam
−
05 Oktabr 2023
7859Rossiyaning O‘zbekistonga axborot ta’siri kamayib bormoqda. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Ye.M.Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchin OAVga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Suhbatda undan O‘zbekistonda rus tilining bugungi ahvoli va bugungi o‘zbeklar rus telekanallarini qanchalik tomosha qilayotgani haqida so‘ralgan.
“Rossiya televideniyesi haqida hech narsa deya olmayman. Bu haqiqatan ham mening mavzuim emas. Ammo Rossiyaning O‘zbekistonga axborot ta’siri kamayib borayotgani haqiqat bo‘lib qolmoqda. Dastlab yagona axborot va til makoniga ega bo‘lganimizga qaramay, bugun Toshkent o‘z trayektoriyasi bo‘ylab harakatlanmoqda. O‘zbek tilining lotinlashuvi 1990-yillarda sodir bo‘lgan. Bu aholining rus tilini bilish darajasiga ta’sir qildi”, deydi u ushbu savolga javoban.
Uning o‘z tahlillariga tayanib aytishicha, poytaxt Toshkent va yirik shaharlarda rus tili keksalar o‘rtasida hamon muhim muloqot tili bo‘lib qolmoqda.
“Ammo viloyatlardagi yoshlar va aholi uni o‘rganishni ustuvor vazifa deb bilmaydi. Qoraqalpog‘iston yoki Farg‘ona vodiysidagi yoshlar va kattalar bilan muloqotda bo‘lgan tajribamdan shuni aytishim mumkinki, u yerdagilar har doim ham rus tilida gaplashavermaydi.
Buni mehnat muhojirlarida ham ko‘ramiz. Bizga asosan O‘zbekiston viloyatlaridan [migrantlar] keladi va ularning rus tilini bilmasligi imkoniyatlariga to‘siq bo‘ladi. Ba’zida o‘zbek mehnat muhojirlari qirg‘izlarnikiga nisbatan raqobatbardosh emas, chunki ular rus tilini ancha yaxshi bilishadi, chunki Qirg‘izistonda bu til rasmiy maqomga ega va keng tarqalgan, jumladan, ta’lim sohasida ham qo‘llaniladi. O‘zbekistonda esa, afsuski, rus tilini o‘rganishga ustuvor ahamiyat berilmagan”, degan Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni Qirg‘izistonda barcha davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini imzolagani haqida xabar bergandik. Ushbu qonunning qabul qilinishi Rossiyaning “xavotiriga” sabab bo‘ldi va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qirg‘izistonda qabul qilingan davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilishi majburiyligi haqidagi qonunga nisbatan “demokratiyaga zid”, deya baho berdi. Vazir Markaziy Osiyo davlatlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarning qabul qilinishi tendensiyasidan xavotir bildirib, bu borada Qirg‘iziston hukumati bir necha marotaba ogohlantirilganini aytdi. Sadir Japarov Lavrovning so‘zlariga izoh berib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri qonunni o‘qimasdan turib gapirgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
O‘zbekistonda esa bu mavzu u qadar kun tartibida emas. Ammo, kuni kecha O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova so‘nggi yillarda mamlakatga serqatnov bo‘lib qolgan rossiyalik san’atkorlarni, ular tomonidan amalga oshirilayotgan propagandani tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, bugungi kunda butun dunyoda rus [Rossiya] qudrati, rus [Rossiya] xarakteri, rus tili, rus quroliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Shu sababli rus propagandasi o‘zining tashviqotini tinglaydigan maydon qidiryapti.
LiveBarchasi