Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Xitoyni tashvishga tushirdi – AQSH bosh razvedkachisi
Olam
−
21 iyul 2022
15424Rossiya Federatsiyasining joriy yilning 24 fevral kuni Ukrainaga qarshi boshlagan keng ko‘lamli bosqini Xitoyni Tayvanga hujum qilish masalasini batafsil ko‘rib chiqishga majbur qilyapti. Bu haqda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Berns Kolorado shtatidagi Aspen institutida an’anaviy xavfsizlik forumidagi nutqida aytib o‘tdi, deb xabar berdi “The Guardian”.
Bernsning ta’kidlashicha, Xitoy Rossiyaning Ukrainaga qarshi besh oylik urushini kuzatib tashvishga tushgan. Chunki Putin Kiyevdagi hukumatni bir haftada ag‘darishni maqsad qilgan, yakunda esa butkul muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
“Biz gap Xitoy rahbariyati bir necha yil ichida Tayvanni nazorat qilish uchun kuch ishlatishga qaror qilishi mumkinligi haqida emas, balki ular buni qanday va qachon amalga oshirishi haqida ketmoqda deb hisoblaymiz”, degan Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari.
Qayd etilishicha, Xitoy rasmiylari Ukrainadagi vaziyatga nazar tashlab, “yengib bo‘lmas kuch” bilan tez va hal qiluvchi g‘alabalarga erishish mumkin emasligini anglab yetdi. Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshqalarga saboq bo‘ldi, deydi Berns.
Xitoy Tayvanni bosib olish uchun hamma narsani oldindan o‘ylab ko‘rish va “axborot makonini to‘liq nazorat qilish” haqida qayg‘urishi kerakligini tushana oladi. Bundan tashqari, bosqindan oldin, mamlakat o‘zini sanksiyalardan himoya qilish uchun hamma narsani o‘ylab, choralar ko‘rishi mumkin.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi