Rossiyaning xalqaro zaxiralari qariyb 40 mlrd dollarga kamaydi

Olam

image

Joriy yilning 25 mart holatiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining xalqaro zaxiralari 2022 yil 18 fevralga nisbatan 38,8 milliard dollarga kamayib, 604,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Rossiya Bankining rasmiy sahifasida keltirilgan.

Regulyatorga ko‘ra, zaxiralar valyuta intervensiyalari, qayta moliyalash va qayta baholash hisobiga 6 foizga qisqargan.

TASS nashrida keltirilishicha, joriy yilning mart oyi boshida Rossiya banki Rossiya Federatsiyasining xalqaro zaxiralari hajmi to‘g‘risidagi dolzarb ma’lumotlarni oshkor qilishni to‘xtatgan. Barcha nashrlar 18 fevral holatiga ko‘ra, ma’lumotlardan foydalangan, o‘shanda zaxiralar 643,2 milliard dollarga, ya’ni tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan.

Kecha, 31 mart kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro zaxiralar 25 fevralda 629,4 milliard dollar, 4 martda 608,9 milliard, 11 martda 611,8 milliard va 18 martda 606,2 milliard dollarni tashkil qilgan.

Rossiya Banki va Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan saqlanadigan yuqori likvidli xorijiy aktivlar bo‘lgan xalqaro zaxiralar xorijiy valyuta mablag‘lari, maxsus qarz olish huquqi, Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi zaxira pozitsiyasi va monetar oltindan iborat.

Ma’lumot uchun, Rossiya zaxiralarining G‘arb davlatlarida joylashtirilgan 300 mlrd dollardan ortiq valyuta qismi muzlatilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

10

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing