Rossiyaning qo‘shnisi NATOning yadroviy mashg‘ulotlariga qo‘shiladi
Olam
−
20:33 2124 2 daqiqa
Finlyandiya joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan NATOning yadroviy tiyib turish bo‘yicha har yilgi “Steadfast Noon” mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Bu haqda Finlyandiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu yil mamlakat mashg‘ulotlarga shtab ofitserlarini yuboradi. Mudofaa vaziri Antti Xyakkyanenning so‘zlariga ko‘ra, ishtirok etishning ushbu formati mamlakatning milliy maqsadlariga eng mos keladi.
“Yadroviy tiyib turish bo‘yicha mashg‘ulotlar NATO yadroviy tiyib turish tizimining ishonchliligi, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan. Yadroviy tiyib turish –butun alyans, jumladan, Finlyandiya himoyasining oliy kafolatidir”, deydi Xyakkyanen.
Bildirilishicha, “Steadfast Noon” mashg‘ulotlari real yadro qurolidan foydalanmagan va uni ko‘chirmagan holda o‘tkaziladi. NATO mamlakatlari unda turli usullar bilan, jumladan, alyansning yadroviy operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun oddiy qurolli kuchlarni taqdim etish orqali ishtirok etishi mumkin.
Finlyandiya Mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar xalqaro vaziyat bilan bog‘liq emasligini va muayyan bir mamlakatga qarshi qaratilmaganini ta’kidlagan. NATO saytida aniqlik kiritilishicha, bu yilgi mashg‘ulotlar Italiyada bo‘lib o‘tadi. Unda 17 ta mamlakat ishtirok etadi va umumiy ko‘lam avvalgi mashg‘ulotlarga mos keladi.
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening aytishicha, manyovrlar “alyans yadroviy kuchlarining shayligini saqlab turish va tegishli protseduralarni tekshirishga qaratilgan”.
“NATO mudofaa alyansi hisoblanadi. Ushbu mashg‘ulotlar bizga tinchlikni saqlash, tazyiqlarning oldini olish va tajovuzni tiyib turish uchun xavfsiz, himoyalangan, samarali va ishonchli salohiyatni ta’minlashga yordam beradi. Ular, shuningdek, birdamlik va qatiyat haqida aniq signal yuboradi”, deydi Ryutte.
Mashg‘ulotlar 13 oktyabr kuni boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Finlyandiya parlamenti yadroviy portlovchi moddalarni olib kirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni ma’qullagan edi. O‘zgarishlar mudofaa masalalari va NATO doirasidagi hamkorlik bilan bog‘liq.
Yadro quroliga qo‘yilgan taqiq bekor qilinganidan ikki oy o‘tib esa Finlyandiya Fransiyaning Yevropadagi tiyib turish bo‘yicha tashabbusiga qo‘shildi.
Live
Barchasi