“Rossiyaning g‘alaba qozonishiga ishonaman”. Afzal Rafiqovning gaplari tarmoqni “portlatdi”

Madaniyat-san’at

image

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlashga majburlandi, ammo u bu qarama-qarshilikda albatta g‘alaba qozonadi. O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov “Ozodlik radiosi”ning “Rossiya bosqini: Gapirish fursati” rukniga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.

“Albatta yaxshi, Rossiya majbur bo‘ldi. Rossiyani majbur qilishdi. Ukrainada fashizm tug‘ilyapti. Yevropada! Buni Yevropa tan olmadi. Amerika tan olmadi. Kechirasiz-u, Ukrainani k...tiga paxta qo‘yishdi. Maqsad, Rossiyani hozirgi bo‘layotgan ishlarga majburlash va niyatiga yetdi. Shu mening munosabatim, juda to‘g‘ri ish bo‘lyapti”, deydi Afzal Rafiqov.

O‘zbekiston xalq artistiga ko‘ra, mazkur urushda Rossiya g‘alaba qozonadi. 

“Albatta, urush doim yomon narsa, urushning beti qursin. Lekin majbur bo‘lgandan keyin nima qilsin?! Hayotda ham ba’zan mushtlashishga to‘g‘ri keladi-ku. Rossiyaning g‘alaba qozonishiga men ishonaman. Rossiya – haq!”, deydi Rafiqov.

Qayd etish kerak, Rossiyaning Ukrainaga rasman e’lon qilinmagan urushi hozirning o‘zida o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Butun dunyodagi iqtisodiy holatni izdan chiqardi. Hatto, pandemiyada kuzatilmagan oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining taqchilligi va narx-navoning keskin oshishi kuzatilmoqda. Putin Ukrainaga tajovuzni urush emas, balki "maxsus harbiy amaliyot" deb atagan va rus matbuotida "urush" so‘zini rasman taqiqlagan. O‘zbekiston Hukumati bu borada neytral pozitsiyani egallagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1088

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing