“Rossiyaning boshiga o‘zining ahmoqlari yetadi, shekilli”. O‘zbek siyosatchilari rossiyalik deputatdan norozi

Jamiyat

image

Kecha, 11 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov Rossiya sobiq sovet respublikalarining barchasi bilan urishishga majbur bo‘lishini iddao qilgan edi. Fyodorov agar respublikalar diplomatik yo‘l bilan Rossiyaga qaytarilsa, harbiy mojarolarning oldini olish mumkinligini aytgan.

Uning bu gaplari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lib, jamoatchilikning jiddiy e’tirozlarini keltirib chiqardi. Shuningdek, o‘zbekistonlik siyosatchilar – “Milliy tiklanish” Demokratik Partiyasi Markaziy kengashi raisi, deputat Alisher Qodirov va Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov rossiyalik mavqedoshi Fyodorovning da’vosiga munosabat bildirib chiqdi. 

“Rossiyaning boshiga odatdagidek o‘zining ahmoqlari yetadi shekilli. Bundan biz foyda ko‘ramizmi, yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. Yong‘inga qarshi choralar ko‘rib, sovuqqonlik bilan kuzatamiz...”, degan Alisher Qodirov o‘zining Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Oliy Majlis deputati hamda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov esa “Yagona Rossiya” partiyasidan deputat Yevgeniy Fyodorovning so‘zlariga qandaydir jiddiy munosabat bildirish shart emas, deb hisoblaydi.

“Sobiq ittifoq respublikalarini urush yoki diplomatik yo‘l bilan qaytarish” kabi iddaolar sog‘lom fikr mahsuli emas. Bugungi kunda Rossiya tashqi kuchlar koloniyasi ekanligiga ishonuvchi, konspirologik nazariyalarni ilgari suruvchi Duma deputatining so‘zlariga qandaydir jiddiy munosabat bildirish shart emas, deb hisoblaymiz”, degan Bekmurodov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Uning aytishicha, O‘zbekiston Rossiya bilan ittifoqchi mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan.

“O‘zbekiston mustahkam suverenitet va kuchli davlatchilikka ega mamlakatdir”, deya qat’iy ta’kidlagan u.

Ammo rossiyalik deputatning bu fikrlariga hozircha boshqa o‘zbekistonlik siyosatdonlar va hatto Tashqi ishlar vazirligi ham munosabat bildirganicha yo‘q.

Shu o‘rinda Rossiya hukumati ham o‘z siyosatchisining bu fikrlari yuzasidan uzr so‘rab, Fyodorovga nisbatan qandaydir chora ko‘rilishini aytib chiqmadi.

Eslatib o‘tamiz, Yevgeniy Fyodorov 2022 yilda sobiq SSSR davlati – Litva mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Mashhura Imomova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Alisher Qodirov Bobur Bekmurodov Evgeniy Fyodorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing