Rossiyalik sportchi Polshada hibsga olindi

Olam

image

Polsha ichki xavfsizlik agentligi Rossiya fuqarosi bo‘lgan xokkeychini Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblab hibsga oldi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni mamlakat Bosh prokurori va Adliya vaziri Zbignev Zyobro o‘zining Twitter'dagi sahifasida ma’lum qildi. 

“Sportchilik faoliyati ortida yashiringan josus qo‘lga olindi. Rossiyalik birinchi liganing xokkey klubida o‘ynagan. Bu allaqachon biz ishlab chiqayotgan josuslik tarmog‘ining hibsga olingan 14-a’zosi”, deb yozgan Zyobro.

Maxsus xizmatlar masalalari bo‘yicha vazir-koordinator matbuot xizmatiga ko‘ra, rossiyalik xorijiy razvedka foydasiga Polshadagi bir nechta mintaqalarda muhim infratuzilmani o‘rganish bo‘yicha topshiriqlarni bajargan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxs 2021 yil oktyabr oyidan beri Polshada bo‘lgan. Prokuror uni uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etish va xorijiy razvedka uchun ishlaganlikda ayblagan. Erkak 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Ayni paytda sud uni uch oyga hibsga olish haqida qaror chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida Britaniyaning Berlindagi elchixonasi qo‘riqchisi Devid Smit Rossiya uchun josuslik qilgani aniqlangan va sud qilingan edi. Mart oyida esa Polshada Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilingan to‘qqiz kishi qo‘lga olindi. Ular orasida Belarus fuqarolari ham bo‘lgan. Mart oyi oxirida Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati tomonidan Yekaterinburgda “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovichni josuslikda gumon qilib hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Pol'sha razvedka josuslik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing