Rossiyalik deputat Markaziy Osiyo davlatlariga viza rejimini joriy etishni talab qildi
Olam
−
24 iyul 4890 2 daqiqa
Rossiya Davlat dumasining “Spravedlivaya Rossiya” fraksiyasi deputati Sergey Mironov yana bir bor Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini joriy etish mavzusini ko‘tarib chiqdi. Bu haqda joriy yilning 22 iyul kuni Mironov chiqish qilgan brifing videosi e’lon qilindi.
Brifing davomida u Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini joriy etishi kerakligini bildirgan.
“Umuman olganda, biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini joriy qilish mumkin, deb hisoblaymiz. Lekin loaqal Belarus prinsipi bo‘yicha qilaylik. U yerda shunday tartib o‘rnatilgan: qaysidir biznesmenga xorijlik ishchi kuchi kerak bo‘lsa, birinchi navbatda, ushbu ishni belaruslik qila olmasligini isbotlashi talab etiladi. Isbotladimi, juda yaxshi.
Shundan so‘ng erkaklar uchib kelishadi va ochiq maydonda vaqtinchalik turarjoy quriladi. Bizdagidek aholi yashaydigan punktlarda emas. Ular muayyan ishni bajarishadi, pulini olishadi va ketishadi. Hech qanaqa oilalarsiz”, deydi u.
Mironov o‘z chiqishi davomida o‘zi olgan ma’lumotlarni keltirib o‘tgan. Unga ko‘ra, go‘yoki Rossiyaga kirib borayotgan migrantlarning bor-yo‘g‘i 28 foizi ishlashni rejalashtirgan, qolganlari esa boshqa maqsadlarda borgan.
Shuningdek, u agar migrant jinoyat sodir etsa, uning qarindoshlarini ham vataniga deportatsiya qilishni taklif etgan. Bundan tashqari, u Rossiyada migrantlarning iqtisodiyotning muayyan sohalarida ishlashini taqiqlash kerak deb hisoblaydi.
“Rossiya Federatsiyasi sub’ektlarining yarmidan ko‘pi shunday qonunlarni qabul qildi. To‘g‘ri qilishdi. Keling, federal darajada ham shunday qilaylik. O‘ylaymanki, IX chaqiriq Davlat dumasi ushbu yo‘nalishda ish olib boradi”, deydi u.
Bundan tashqari, deputat ba’zi aralash jang san’ati (MMA) klublarida shug‘ullanuvchilarning aksariyatini migrantlar tashkil etayotganidan xavotir bildirgan.
“Istalgan hududdagi istalgan MMA sport klubiga kirib ko‘ring! U yerda biznikilar yo‘q, hammasi migrantlar! Ular nimaga tayyorgarlik ko‘rishmoqda? Nima uchun? Bu juda xavotirga solyapti!” deydi Mironov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mironov urushga bormaydigan o‘zbekistonlik migrantlarga viza rejimini joriy qilish kerakligini aytgan edi. Uning bu byonotiga o‘zbekistonlik faollar keskin munosabat bildirgandi. Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ham fikr bildirib, Rossiyani Mironovning o‘zi va yaqinlari himoya qilishi lozimligini aytgandi. Shu bilan birga, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa rossiyalik deputatning gaplariga javoban “bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini” aytdi.
Live
Barchasi