“Rossiyaga hujum dahshatli oqibatlarga olib keladi”. Putin dunyoga tahdid qildi

Olam

image

Rossiya hozir sodir bo‘layotgan voqealarga aralashishga bo‘lgan urinishlarga kechiktirmasdan javob beradi va bu jiddiy oqibatlarga olib keladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 24 fevral kuni rossiyaliklarga murojaat vaqtida aytib o‘tdi.  

Rossiya rahbari erkinlik Rossiya siyosatining markazida ekanligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, bu huquqdan hamma, jumladan, Ukraina aholisi ham foydalanishi kerak.

Putinning ta’kidlashicha, Ukraina hududiga bostirib kirgan Rossiyaning harakatlari mamlakat manfaatlarini buzish bilan bog‘liq emas.

“Harbiy sohaga kelsak, zamonaviy Rossiya SSSR parchalanib, yadro salohiyatining katta qismini yo‘qotganidan keyin ham bugungi kunda eng qudratli yadroviy davlatlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, u qurollarning eng so‘nggi turlari bo‘yicha bir qator afzalliklarga ega. Shu munosabat bilan, Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum potensial tajovuzkor uchun mag‘lubiyat va dahshatli oqibatlarga olib kelishiga hech kim shubha qilmasligi kerak. Kimlardadir sodir bo‘layotgan voqealarga aralashish istagi paydo bo‘lishi mumkin. Rossiyaning javoblari tezkor bo‘ladi va sizni tarixingizda hech qachon duch kelmagan oqibatlarga olib keladi. Biz voqealarning har qanday rivojiga tayyormiz. Shu munosabat bilan barcha zarur qarorlar qabul qilindi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi. 

Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. 

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi. 

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi. 

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi. 

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

2048

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing