Rossiyada yangi “Navalniy” va Putinning yana bir qasri paydo bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga tegishli ekani aytilayotgan yana bir hashamatli qasr paydo bo‘ldi. Ushbu turar-joy Qrimda joylashgan bo‘lib, u sobiq SSSR rahbari Brejnevga tegishli bo‘lgan. Bu haqda “Proyekt” nashrining surishtiruv ishida so‘z boradi

Nashrga ko‘ra, Qrimda joylashgan ushbu “Glitsiniya” qasri Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan doira tomonidan sotib olingan, Putinning o‘zi esa ushbu qasrga ko‘pdan beri ko‘z tikib yurgan.

“Proyekt”ga ko‘ra, ushbu qasr 2019 yil avgust oyida “Oreanda-12” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 1,2 milliard rublga kim oshdi savdosida sotib olingan. Jamiyatning bosh direktori esa moskvalik Yanis Ermanis edi. Xarid to‘g‘risidagi hujjatlarga ko‘ra, qasr milliarder Ermanis tomonidan taqdim etilgan qarz mablag‘lari hisobiga sotib olgan.

“Milliarder Ermanis rahbarligidagi “Oreanda-12” AJ “Rossiya” banki bilin bog‘liq bo‘lib chiqdi. Ushbu bank raisi Yuriy Kovalchuk esa Prezident Vladimir Putinning do‘sti”, deb yozadi “Proyekt”.

“Proyekt” nashri Ermanis ismli ushbu milliarderni “Moskva sharqidagi haroba rayonlardan” birida topishga muvaffaq bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, Ermanis iqtisodchi va hozirda jang san’ati bo‘yicha dars beradi. Ermanis hamkasblarining aytishicha, u kamtarona turmush tarzini olib boradi va ko‘p pulga ega emas. 

“Proyekt”ning jurnalistlari bilan suhbatda Ermanis qasr unga tegishli ekanini rad etmagan, ammo sotib olish to‘g‘risida izoh berishdan bosh tortgan. 

Nashrning ma’lum qilishicha, 2004 yil noyabr oyida ham Rossiya ushbu qasrni xususiylashtirishga urinib ko‘rgan: VTB davlat banki taxminan o‘sha payt kursi bo‘yicha 15 million rublga sotib olish to‘g‘risida bitim tuzgan.

Ammo 2005 yil bahorida Ukrainaning o‘sha davrda yangi saylangan Prezidenti Viktor Yushenko bitimni buzishni talab qilgan. Sud jarayonlaridan so‘ng, Ukraina Iqtisodiy sudi dachani begonalashtirishni noqonuniy deb topgan va uni zaxira yerlar bazasiga olgan.

Dachaning Putin uchun mo‘ljallangani to‘g‘risida Leonid Kuchma o‘zining “Maydondan keyin. Prezidentning qaydnomasi” kitobida yozib qoldirgan.

“Aslida, bu hech kimga sir emas edi. Avval boshidan dacha Rossiya Prezidentining Qrimdagi rasmiy qarorgohi sifatida sotib olinayotgani aytilgandi. So‘ngra, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining davlat ma’muriyati bilan shartnoma tuzildi. Keyinchalik Rossiyaning VTB banki xaridor bo‘ldi”, deb yozadi Leonid Kuchma.

Ukraina Oliy Rada deputati, Xafsizlik xizmatining sobiq rahbari Gennadiy Moskalga ko‘ra, aynan o‘sha “Glitsiniya” dachasi tufayli Moskva va Kiyev o‘rtasida birinchi “gaz mojarosi” boshlangan. 

“Putin biznikilardan “Glitsiniya” qarorgohini so‘radi, ammo bizning yuqori rahbariyat undan bosh tortdi. Vladimir Vladimirovich aniq, hanuzgacha xafagarchilikni saqlamoqda. Aytishlaricha, baxil odam ikki marta badal to‘laydi, ammo Ukraina bu mutlaqo ahmoqona qadam uchun million marta badal to‘ladi”, degan edi Moskal 2009 yilda.

“Proyekt”ning tepasida kim turibdi?

Putinning yana bir qasri haqidagi surishtiruv yuqorida ta’kidlanganidek, “Proyekt” tomonidan amalga oshirilgan. “Proyekt” nashri o‘zi haqida quyidagicha izoh beradi:

“Biz tergovchi, jurnalistlar va muxbirlarni birlashtirgan mustaqil ommaviy axborot vositasimiz. Bizning qo‘limizdan keladigan ish – yashirin va muhim narsalarni topib, bu haqda ommaga batafsil aytib berish. Biz buni zarur deb bilamiz, chunki Rossiyada murakkab va xavfli mavzular bilan shug‘ullanadigan ommaviy axborot vositalari deyarli yo‘q”, deyiladi ushbu nashr rasmiy veb-saytida. 

“Proyekt”ning asoschisi esa Roman Badanin hisoblanadi. U tarix fakultetini tamomlab, bir muddat ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullangan, so‘ngra 2001 yildan jurnalistikaga qadam qo‘ygan. Faoliyati davomida Rossiyaning RBK, “Interfaks”, “Forbes”, “Kommersant’” kabi bir qator oldi nashrlarida ishlagan, bosh muharrirlik qilgan.

“Proyekt”ni kim moliyalashtiradi degan savolga esa, Roman Badaninning o‘zi javob bergan. Unga ko‘ra, “Proyekt” nashri AQSHning “National Endowment for Democracy” va Yevropaning “European Endowment for Democracy” tashkilotlari ajratgan grantlar hisobiga kun kechiradi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, ushbu ikkala tashkilot ham Rossiyaning “xushlamaydigan” tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 19 yanvarida Aleksey Navalniyga tegishli YouTube kanalda Rossiya Prezidenti Putinga tegishli ekani aytilgan “Putin uchun saroy” nomli surishtiruv filmi e’lon qilingan edi. 

Ushbu film shu paytgacha 100 million martadan oshiq ko‘rilgan va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Keyinchalik, Rossiyalik milliarder Arkadiy Rotenbergning o‘zi saroyning benefitsiari ekanini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida, Aleksey Navalniy – Rossiya muxolifati yetakchisi, siyosatchi. U, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi hisoblanadi. 

Siyosatchi Aleksey o‘tgan yilning avgust oyida Rossiyaning Tomsk shahrida hushidan ketib, koma holatiga tushib qoladi. Keyinchalik, u ta’qiqlangan “Novichok” kimyoviy-quroli bilan zaharlangani ma’lum bo‘ladi

Shundan so‘ng, siyosatchi 4 oy davomida Germaniyada davolanib, joriy yilning 17 yanvar kuni Vatani – Rossiyaga qaytdi va o‘sha vaqtning o‘zidayoq hibsga olindi. So‘ngra, Moskva shahar sudi Navalniyni 2,5 yildan oshiqroq muddatga ozidlikdan mahrum etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Naval'niy saroy

Baholaganlar

470

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing