Rossiyada “Vagner” nazorati ostidagi hududda neft bazasi portlatilgani aytilmoqda (video)
Olam
−
24 iyun 2023
13447Rossiyaning Voronej shahridagi neft bazasida yong‘in sodir bo‘lmoqda. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea guvohlari yong‘in boshlanishidan oldin portlash ovozini eshitgan hamda osmonda vertolyot uchayotganini ko‘rgan. Biroq yong‘in aynan nima sabab yuzaga kelgani xususida biror rasmiy ma’lumot berilganicha yo‘q. Viloyat gubernatori Aleksandr Gusiyevning yozishicha, ayni damda 100 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 30 ta texnika yong‘inni o‘chirish ustida ishlamoqda. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘qligi ma’lum qilingan.
Boshqa manbalarning xabar berishicha, yong‘in Ukraina uchuvchisiz qurilmasi, partizanlar yoki diversion guruhlarning ishi emas, aynan Rossiya armiyasi tomonidan berilgan zarba oqibatidir.
Ma’lumot uchun, hozirda Voronej “Vagner” nazoratiga o‘tgan. Prigojin boshchiligidagi qo‘shinlar Moskva tomon harakatini davom ettiryapti. Rossiya Mudofaa vazirligi Moskvaga olib boruvchi yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. Biroq xabarlarga ko‘ra, “Vagner” askarlariga deyarli hech kim jiddiy qarshilik ko‘rsatmayapti. Aksincha, ko‘p hollarda Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari o‘z xohishiga ko‘ra uning tomoniga o‘tib ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab olgandi. Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Buning ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” hujum otryadlari jangchilariga, Prezident Vladimir Putin esa rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolarini ogohlantirdi.
Avvalroq Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev va uning oilasi Moskvadan evakuatsiya qilingani, Putin ham vertolyotda Novogorodning Valday shahriga ketgan bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.
LiveBarchasi