Rossiyada o‘zbekistonlik migrant politsiya o‘tkazgan reyddan so‘ng vafot etdi

Jamiyat

image

Rossiyaning Moskva shahridagi qurilish maydonida politsiya xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirida o‘zbekistonlik migrantning yuragi huruj qilib, vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lum qildi.

Keltirilishicha, qurilish maydonida yuk tashuvchi bo‘lib ishlaydigan ikki aka-uka ish kunidan so‘ng spirtli ichimlik ichib dam olayotgan bo‘lgan. O‘sha payt politsiya xodimlari kelib, ulardan hujjatlar so‘ragan. Biroq aka-ukalar hujjatlari yo‘qligini aytgan. O‘sha payt 48 yoshli Otabek ismli erkakning to‘satdan mazasi qochib qolgan. Shundan so‘ng zudlik bilan shifoxonaga yuborilgan va u yerda vafot etgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga ko‘ra, o‘zbekistonlik fuqaro O.O. sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Moskvadagi Botkina nomli shifoxonaga joylashtirilgan. Shifoxonada unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ammo u vafot etgan. Joriy yilning 25 may kuni vafot etgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga qaytarilgan.

Bu Rossiyadan O‘zbekistonga jasadi qaytgan yagona migrant emas. Bu kabi holatlar Rossiya-Ukraina urushi boshlangandan so‘ng bir necha bor kuzatildi. Avvalroq, Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketib, Ukraina urushiga safarbar qilingan o‘zbekistonlik yigitning jasadi Namanganga qaytarilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Rossiya-Ukraina urushida “Vagner” safida jang qilgan 2 o‘zbekistonlikning jasadi Samarqandda dafn etilgan edi. Ular ham dastlab Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida ketib, so‘ngra qamoqqa tushgan. Shundan so‘ng ular ham urushga safarbar qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant o'zbekistonlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing