Rossiyada uch kunlik saylovlar boshlandi

Olam

image

Bugun, 8 sentyabr kuni Rossiyada yagona ovoz berish kuni doirasida turli darajadagi saylovlar boshlandi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Rossiyada 10 sentyabrgacha ovoz berish davom etadi. Mamlakatda viloyatlar rahbarlari, qonunchilik assambleyalari deputatlari va boshqa hukumat vakillari saylanadi. 2023 yilda aksariyat hududlarda uch kunlik – 8-10 sentyabrgacha saylovlar bo‘lib o‘tadi, faqat beshta viloyatda ovoz berish bir kundan ikki kungacha davom etadi.

Rossiyaliklar 21 ta gubernator va 20 ta mintaqaviy parlamentni saylashi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining to‘rtta sub’ektida Davlat Dumasi deputatlariga qo‘shimcha saylovlar o‘tkaziladi.

Gubernatorlik saylovlari Tyumen va Omsk viloyatlarida bir kun bo‘ladi. Rossiya Federatsiyasining qolgan 19 ta sub’ektida saylovlar uch kunlik formatda o‘tkaziladi.

Birgina poytaxt Moskvada 2 mingdan ortiq saylov uchastkalari ochilgan. Ular uch kun davomida soat 08:00 dan 20:00 gacha ishlaydi. Moskvada "an’anaviy" saylov uchastkalari ochilishi bilan bir vaqtda masofaviy elektron ovoz berish ham boshlangan.

Bu yil Moskva aholisi 13 ta munitsipalitetga deputatlarni va shahar merini saylamoqda. Hozirgi vaqtda Moskva merligi lavozimini Sergey Sobyanin egallab turibdi.

Shuningdek, ovoz berish birinchi marta Rossiya tomonidan bosib olingan “to‘rtta yangi mintaqada” – Xerson, Zaporoje, Lugansk va Donetsk viloyatlarida bo‘lib o‘tmoqda. Bu hududlar 2022 yil 24 fevralda Ukrainada harbiy mojaro boshlanganidan keyin Rossiya Federatsiyasi nazoratiga o‘tgan. U yerda "gubernatorlar" uchun saylovlar boshlangan. Bundan tashqari, ushbu hududlarda "parlamentlar" tarkibi saylanishi kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing