Rossiyada Telegram va WhatsApp’dan ro‘yxatdan o‘tish cheklanmoqda
Olam
−
31 Oktabr 2290 1 daqiqa
Rossiyada WhatsApp va Telegram yangi foydalanuvchilar uchun ro‘yxatdan o‘tishni cheklash boshlandi. Bu haqda “Kod Durova” Telegram-kanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya mobil operatorlariga WhatsApp va Telegram’ning yangi foydalanuvchilari uchun SMS va qo‘ng‘iroqlarni uzatishni to‘xtatish talabi berilgan.
Ba’zi hollarda xabarlar hali ham yetib kelmoqda, ammo hamma raqamlarga emas. Masalan, “Megafon” va MTS raqamlariga SMS borgan, “Bilayn” raqamlariga esa yo‘q.
Qayd etish joiz, joriy yilning avgust oyida Rossiyada Telegram va WhatsApp uchun qo‘ng‘iroqlarni bloklagan edi, bunga “firibgarlik holatlari” sabab sifatida ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, xabar almashish funksiyasi cheklanmagan edi.
22 oktyabrda esa bu messenjerlarning ishini “qisman cheklash” choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi. Bu “jinoyatchilarga qarshi kurash” zarurati bilan izohlandi. Ularning fikricha, Telegram va WhatsApp firibgarlik, tovlamachilik hamda terrorchilik faoliyatlariga odamlarni jalb etish uchun asosiy kanallar hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Telegram va WhatsApp Rossiyada eng mashhur messenjerlardir. 2025 yil sentyabr holatiga ko‘ra, WhatsApp foydalanuvchilari soni 96,5 million, Telegram’niki esa 90,9 millionni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Qurolli kuchlari Telegram va WhatsApp o‘rniga mamlakatning milliy messenjeri – Aituʼdan foydalanishni boshlashi haqida xabar berilgandi.