Rossiyada sanksiyalar uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
Olam
−
04 aprel 2022
11272Rossiya Vazirlar Mahkamasining Qonunchilik faoliyati bo‘yicha komissiyasi bugun, 4 aprel kuni Hukumat xorijiy sanksiyalarni mamlakat hududida amalga oshirish uchun jinoiy javobgarlik joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llashi haqida xulosa berdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Rossiya Federatsiyasi hukumati qonun loyihasi ko‘rsatilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda qayta ishlansa, uni qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi xulosada.
Xulosada, xususan, qonun loyihasi jinoiy-huquqiy himoya ob’ektlarini to‘liq qamrab olmagani, chunki sanksiyalar faqatgina Rossiya Federatsiyasiga emas, balki RF fuqarolariga, shuningdek, Rossiya yuridik shaxslariga qarshi ham qo‘llanilishi mumkinligi ta’kidlangan.
Komissiya javobida, qonun loyihasi bilan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 201-moddasi 2-qismini (Vaziyatni suiiste’mol qilish) yangi tahrirda bayon etish taklif qilingan. Xususan, chet davlat, xorijiy davlatlar ittifoqi yoki xalqaro tashkilotning Rossiya Federatsiyasiga qarshi cheklovchi choralarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini bajarish maqsadida ushbu qilmishni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish kerakligi aytilgan.
Komissiya “kiritilayotgan malaka tarkibi” tuzilishini aniqlashtirishni zarur deb hisoblaydi, chunki bunday og‘irlashtiruvchi holat “qilmishning maqsadi emas, balki sodir etilgan vaziyatning sharti sifatida tan olinishi maqsadga muvofiqdir”.
Umuman olganda, Vazirlar Mahkamasida “ushbu jinoiy javobgarlik choralari bo‘yicha konseptual e’tirozlar” mavjud emasligi, chunki davlat Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudining 2001 yil 25 apreldagi qarorida ko‘rsatilganidek “katta darajada zarar yetkazadigan va boshqa qonuniy vositalar bilan oldini olish mumkin bo‘lmagan ijtimoiy xavfli jinoyatlar uchun” jazo tayinlash huquqiga ega ekani ta’kidlangan.
Federatsiya Kengashining Konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi rahbari Andrey Klishas yaqin orada Davlat Dumasiga Rossiyada sanksiyalarni qo‘llaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi kiritilishini ma’lum qilgandi. Bugun, 4 aprel kuni senator o‘zining Telegram-kanalida Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalari hukumat va Rossiya Federatsiyasi Oliy sudining ko‘rib chiqishlari bilan quyi palataga kiritilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Xorijiy davlatlarning nodo‘stona harakatlari munosabati bilan javob viza choralari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Farmon “Yevropa Ittifoqining nodo‘stona harakatlariga javoban shoshilinch choralar ko‘rish zaruratidan kelib chiqib” imzolangan. Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Yevropa Ittifoqi, Norvegiya, Daniya, Islandiya, Shveysariya va Lixtenshteyn bilan vizani soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarning bir qator bandlarini to‘xtatdi.
LiveBarchasi