Inqiroz, biznesdagi yo‘qotishlar, o‘yin qoidalari haqida Zafar Hoshimov bilan suhbat
Intervyu
−
17 aprel 2020
6562Bu inqiroz boshqalariga o‘xshamaydi, biroq biznesda har qanday sharoitda imkoniyat bor. Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi, mamlakatning taniqli tadbirkorlaridan biri Zafar Hoshimov Mfaktor loyihasida koronavirus pandemiyasi ortidan kelishi mumkin bo‘lgan inqiriz va uning ta’siri, qolaversa, karantinning inqirozning oldini olishdagi jihatlariga to‘xtaldi.
Zafar Hoshimov, tadbirkor: — Tadbirkor deganda tashabbuskor, istiqbolni ko‘ra oladigan, ijodiy nazar bilan hayotga qaraydigan, zamonga moslashuvchan, foyda topaman deb tavakkalchilikka qo‘l uradigan odamlar tushuniladi. Bunday odamlar, albatta, optimist bo‘ladi. Ya’ni ular har qanday qiyinchilikda ham muammodan ko‘ra, imkoniyatlarni ko‘ra oladigan odamlardir.
Bu inqiroz qanday turidan?
Z.H.: — Inqirozlarga kelsak, tarixda ko‘plab inqirozlar bo‘lgan. Iqtisodiyotda ham inqirozlar bo‘lishi muqarrar. Ya’ni iqtisodning o‘z rivojlanish sikli bor. Inqirozlar tez-tez kelib turishi yoki gohida kelishi mumkin. Iqtisodiyotda ko‘plab tadbirkorlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi va buning natijasida inqiroz vujudga keladi. Shu payt rivojlanishning juda muhim bosqichi hisoblanadi. Inqiroz –iqtisodiyotni o‘zgarishga boshlaydigan turtkidir. Inqiroz ma’lum dahalarda bo‘lishi mumkin, inqiroz mintaqaviy bo‘lishi mumkin. Masalan, Venesuela katta nefti bor, boy davlat bo‘la turib, noto‘g‘ri boshqaruv ortidan aholiga, hatto, oziq-ovqat yetmay qoldi.
Inqiroz global bo‘lishi mumkin. Bugun davom etayotgan inqiroz ham aslida sabablari iqtisodiy bo‘lmagan turidan. Lekin buning natijasida iqtisodiy inqiroz yuzaga kelmoqda. Va bu haqiqatan global bo‘lib, buning ortidan butun dunyo iqtisodi to‘xtab qoldi. Buni tahlil qilish ham qiyin. Chunki bunday ahvolda oldin hech qaysi mamlakat korxonalari holati tushib ketmagan edi.
Tadbirkorlarga maslahat
Z.H.: — Agar tadbirkorlik va inqiroz haqida gapiradigan bo‘lsak, tadbirkorlik bu bir qayiqqa o‘xshaydi. Yuqorida aytgan sifatlarimga ega bo‘lgan tadbirkorlar bir qayiq yasaydi va bunda ummonga safarga chiqadi. Ummonga safar uchun chiqqan odam bilishi kerakki, har doim oftob va shamol bo‘lmaydi hamda doimo tekis, suv sathi tik holatlar uchrayvermaydi. Ya’ni bo‘ronlar ham bo‘ladi. Safarga chiqqan paytimizda buni bo‘ynimizga olib chiqamiz. Sayohatga chiqqanda “bismilloh” deb chiqamiz.
Bunda tadbirkor nimaga ishonishi kerak? Men aytamanki, avvalambor, Allohga ishonib bu yo‘lga chiqish kerak. Sinovlarni beruvchi ham Alloh deb bilish kerak. Inson hayotida bosayotgan qadamlarini ham shunga qarab tashlashi kerak. Boshqa tarafdan ne’mat, rizq, omad, muvaffaqiyatni ham Alloh berguvchidir. Tadbirkorning eng oxirgi sifati optimizm bo‘lsa, buning manbasi Allohga ishonchdir. Tadbirkor tavakkal qildimi, bilish kerak imkoniyati yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Chunki, Alloh hamma narsaga qodir.
Biznes haqida
Men matematik bo‘lganim uchun aytsam, o‘yinlar nazariyasi degan tushuncha bor. Bu shunday o‘yinki, hech qachon tugab qolmaydi. Qiyinchilik va baland-past hamisha bo‘ladi. Xuddi “perpetuum mobile” degan tushuncha bor-ku. Ya’ni, o‘zini-o‘zi yurgizuvchi, batareyasi tugamaydigan uskunadek. Agar biz tadbirkorlarning quvvatimiz tugab qolmasa, biznesning qanday sharoiti bo‘lsa ham, yurgizishga imkoniyat bor. Tarixda necha marta tushib, necha marta ko‘tarilgan biznesmenlar haqida o‘qiganmiz. Shuning uchun bunday holatda kuch-g‘ayrat bo‘lishi kerak.
Naqdi shirin deymiz-ku. Inqiroz vaqtida ham shunday. Naqd deganda, qog‘oz pul ko‘rinishda aytilmayapti. Tadbirkor iloji boricha mablag‘larini jamlashi kerak. Bir joylarda bo‘lgan keraksiz jihozlarda yoki keraksiz mulkda bo‘lsa, o‘shalardan iloji boricha qutulib, mablag‘ni jamlash kerak. Chunki inqirozda eng zarur xomashyo bu – hisobraqalardagi yoki qo‘ldagi puldir. Xarajatda ham o‘tgan vaqtlardek bekorga pul o‘tkazishlar, sarflashlarga ham hushyor bo‘lish kerak. Oldinga qarab turganimizda ko‘p noaniqliklar bor. Va shu yo‘lda korxonalarimizni saqlab qolish juda muhim. Mablag‘larimizni istiqbolli joylarga ishlatishimiz kerak. Xullas, tadbirkor likvidlikni saqlash kerak.
Tadbirkorlarga va iste’molchilarga yordam
Tadbirkorda intizom, shijoat, g‘ayrat, sabr bo‘lishi kerak. Tadbirkorlik oson emas. Negaki, haqiqiy tadbirkorlik iqtisod zo‘r bo‘lib rivojlanganda emas, aynan shunday paytda sinaladi. Shu paytda, qiyin ekan deb tashlab ketish kerak emas. Prezidentimizning videoselektorini ko‘rdim. Unda davlat rahbari bitta korxonaning ham yopilishiga favqulodda holatdek qaralishi kerakligi aytdi. Bu nafaqat davlatga, balki biz tadbirkorlarga ham kerak. Bu sinovlardan o‘tib, mamlakatni rivojlantirishda asosiy o‘rinda tadbirkorlik bo‘ladi.
Iqtisodiyotga yordam shu yo‘sinda bo‘lishi kerakki, talab va taklifning inqirozi bo‘lib turgan vaqtda bir tarafning turtki berib yuborishi juda muhim. Tadbirkorlik sub’ektlariga, ijtimoiy va boshqa soha vakillariga yordam berish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Davlat ham kam emas, 33 trillion so‘mdan ortiq pulni va’da qildi va bu qisman amalga oshmoqda. Lekin o‘ylardimki, eng avvalo xalqimizda ijtimoiy jihatdan daromadi kamroq, ishsiz qolgan, daromadsiz qolgan qatlamlarga yordam berish kerak. Jamshid Qo‘chqorovning aytganlarini ko‘rdim va bu ancha dalda bo‘ldi. Chunki iqtisodiy blokimizda shunday qaror qabul qilish mexanizmi ishlayotgan ekan. Iste’molchilar, ya’ni aholi pul olsa, iqtisodiyot tezda qaytadi.Chunki iste’molchilar xarajat qiladi – elektr energiyasiga to‘laydi, suvga to‘laydi, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va hokazolarga pul sarflaydi. Bu ham iqtisodiyotga, ham xalqqa yengillik bo‘lar edi.
Xodimlar va xaridorlarga e’tibor qaratish kerak
Bunday paytda eng asosiy qayg‘uradiganimiz bu – xodimlarimiz va xaridorlarimizdir. Inqiroz bu odamiylik darajasidagi sinovdir. Agar odamlarga foydasi tegmaydigan faoliyat bo‘lsa, u biznes bo‘lmaydi. Har qanday biznesdan manfaatdor xodimlar, manfaatdor xaridorlar bor. Shunday inqirozda ham xodimlari, ham xaridorlar g‘ami bilan yashash kerak. Albatta, endi bu imkoniyat boricha qilinadi. Chunki korxonani saqlab qolish tadbirkor uchun eng katta masaladir. Korxona saqlab qolinsa, ertaga xodim va xaridorlarni qo‘llab-quvvatlay oladi. Biznes shunday narsaki, sharoitdan foydalanib foydani oshirib olaman deya kalta o‘ylash kerak emas. Chunki buni xaridorlar ham ko‘rib turibdi. Xodimlaringiz ham shunga yarasha munosabatda bo‘ladi. Shu paytda bilish kerakki, birgalikda harakat qilish kerak. Birlikda kuch bor.
Inqiroz paytida eng kerakli jihat bu – ko‘p o‘qish va bilim olish. Chunki hammamizda javobdan ko‘ra savollar ko‘p. Masalan hozir vebinarlar bo‘lmoqda. Ko‘plab tadbirkorlar tomonidan savollar berilmoqda: qanday sharoitdamiz va nima qilish kerak? Bu juda umumiy savollar va menda bunga javob yo‘q. Lekin o‘zimning o‘qigan va bilganlarim bo‘yicha umumlashtirib yetkazmoqchiman. Bu oddiy moliyaviy yoki iqtisodiy inqiroz emas. Bu – tabiatini tahlil qilsak, juda boshqacha inqiroz. Dunyo miqyosida savdo to‘xtab qolgan. Iqtisodiy karaxtlik bo‘lib turibdi.
Koronavirus zarari
Bu juda o‘tkir kasallikdir. Kasallikda o‘limlar soni katta bo‘lmasa ham, yuqumlilik xavfi tez, xuddiki o‘rmonga o‘t ketgandek tarqaladi. Hozirgi karantin choralari tarqalishni sekinlashtirishga xizmat qiladi. Statistikadan bilyapmizki, bu kasallik aholining 80 foizida yengil, 15 foizida og‘irroq va 5 foizida hayotiga xavf soluvchi darajada ekan. Agar epidemiyani o‘z holicha qo‘yib bersa, mana shu 5 foiz va 15 foiz darajadagi bemorlar sababli, tibbiy xizmat yetkazib bera olmay qolishi mumkin. Bunda o‘limlar soni ko‘payib ketishi mumkin. Buni Italiya, AQSHdagi holatlarni ko‘rsak bo‘ladi. Buning ortidan tibbiy xizmat karaxt holatga tushib qoladi. Nafaqat koronavirusga chalinganlar, balki oddiy kasallar ham tibbiy yordam ololmay qoladi. Shifoxonalar to‘lib ketganidan qulflab qo‘yish hollari kuzatilmoqda.
Karantin qo‘llanilmasa...
Hozir iqtisodni to‘xtatib qo‘ygan omil bu – koronavirusga qarshi ko‘rilayotgan choralar, ya’ni karantin. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, karantin yagona to‘g‘ri yo‘l. Hamma uyida qolib, kasallik tarqalishini to‘xtatishimiz kerak. Iqtisodchilar buni aytib o‘tishdiki, karantindan yutqazadigan darajamizga qaraganda epidemiyani nazorat qilmasak va u tarqalib ketsa, bu 30 barobar ko‘proq zarar keltiradi. AQSH misolida olsak: hozir ajratilgan mablag‘ 2 trillion dollar bo‘lsa, koronavirusning potensiali 66 trillion dollar bo‘lishi ma’lum qilindi. AQSHdek katta iqtisodiy qudratga ega davlat bir yilda 20 trillion yalpi ichki mahsuloti bo‘lsa, zarar ularning 3,5 yillik miqdorida bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Agar Yevropa davlatlariga o‘xshab avval bo‘sh qo‘yib, keyin choralar qo‘llanilsa, iqtisodiy asoratlari 5 barobardan 15 barobargacha bo‘lishi mumkin ekan. Endi yo‘qotilgan insonlar masalasiga kelsak, bu yo‘qotishni baholab bo‘lmaydi. Bu karantin choralari 1 xafta, 1 oyda o‘tib ketadi deb o‘ylash o‘ta optimizm bo‘lar edi. Avvalo xato qilayotgan bo‘lay, buning ta’siri va asoratlari hali butun dunyoda ancha davom etadi.
LiveBarchasi