Koronavirusdan eng ko‘p bemor tuzalgan Xitoy provinsiyasidan O‘zbekistonga shifokorlar yetib keldi
Jamiyat
−
17 aprel 2020
7096Xitoylik shifokorlar va tibbiyot mutaxassislaridan iborat 15 kishilik guruh O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
“Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik samarasi o‘laroq amalga oshirildi. Xitoylik mutaxassislar mamlakatimizda COVID-19ning oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda yurtimiz tibbiyot xodimlariga yaqindan ko‘maklashadi“, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tibbiy guruh Szyansi provinsiyasining Nanchan shahridan kelishgan. Ushbu provinsiya tuzalib ketgan bemorlar soni bo‘yicha Xitoyda birinchi o‘rinda turadi.
Tibbiy guruh tarkibiga virusolog, epidemiolog, pulmonolog, terapevt, jarroh va yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar kiradi. Ular orasida joriy yilning yanvar-fevral oylarida Xitoyda koronavirusga qarshi milliy kurash doirasida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri COVID-19ning tarqalish markaziga – Uxan shahriga va Xubey provinsiyasining boshqa shaharlariga yuborilgan yetakchi klinikalarning tajribali shifokorlari ham bor.
Ayni paytda xitoylik shifokorlar bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi hukumati nomidan zarur tibbiy buyumlar va dori-darmonlar vositalaridan iborat gumanitar yordam ham olib kelingani aytilmoqda.
LiveBarchasi