Rossiyada “poraxo‘rlar ovi" boshlandimi? Yana bir amaldor qo‘lga olindi

Olam

image

Rossiya Tergov qo‘mitasi va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari Moskva viloyati hukumati raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Svetlana Strigunkovani hibsga oldi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.

Amaldor bir oy oldin o‘z lavozimidan iste’foga chiqqan va hozirda u 150 million rubl miqdorida pora (Jinoyat kodeksining 290-moddasi 6-qismi) olganlikda gumon qilinmoqda.

Tergov amaldorni poraxo‘rlikda ayblashi Moskvaning Tver tuman sudi tomonidan hibsga olingan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Aleksandr Zaxarov bilan bog‘liq. Tashkilotni oldin Strigunkova boshqargan.

Zaxarov qo‘lga olinganidan so‘ng uning katta miqdordagi mol-mulki va moliyaviy resurslari borligi, jumladan, tintuv chog‘ida undan katta miqdordagi pul mablag‘lari, bundan tashqari, jismoniy shaxslardan olingan kreditlardan foizlar hamda kamida yettita kvartirani ijaraga berishdan kelgan pullar ko‘rinishidagi daromadlari ham borligi ma’lum bo‘lgan. 

Mansabdor shaxs Moskva yaqinidagi shifoxonalarni kapital va joriy ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan ham pul olgani aniqlangan. U aybini tan olib, ba’zi manbalarga ko‘ra, sudgacha hamkorlik shartnomasini tuzgan va bitim doirasida Svetlana Strigunkovaga qarshi ko‘rsatma bergan. Ko‘rsatmaga ko‘ra, u go‘yoki pullarning bir qismini Strigunkovaga bergan. Uning ko‘rsatmalarini tekshirish yangi gumonlanuvchining hibsga olinishiga olib keldi. Strigunkovaning o‘zi aybdorligini rad etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov pora olishda gumonlanib qo‘lga olingandi. Keyinchalik matbuotda uning poraxo‘rlikda emas, davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Ayrim nashrlar Ivanovning hibsga olinishi ortidan Mudofaa vaziri Sergey Shoygu lavozimidan ajralishi mumkinligini yozdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Svetlana Strigunkova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing