Rossiyada “Ozodlik”ning “ovozi o‘chdi”
Olam
−
04 aprel
9005AQSH Global Media Agentligi (USAGM) “Ozodlik radiosi”ning Rossiyaga uzatadigan sun’iy yo‘ldosh xizmatlarini o‘chirib qo‘ydi. Bu haqda “Ozodlik radiosi” prezidenti va ijrochi direktori Stiven Kapus “Agence France-Presse” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Biz bugun ishga keldik va Rossiya hududini qamrab olgan sun’iy yo‘ldosh xizmatlari USAGM tomonidan o‘chirilganini ko‘rdik”, degan Kapus.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Rossiya, Ukraina, Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa va boshqa mintaqalarga uzatiladigan “Nastoyaeye vremya” telekanalining 24 soatlik rus tilidagi translyatsiyasiga ta’sir qiladi.
Rossiya rasmiylarining fikriga ko‘ra, faoliyati konstitutsiyaviy tuzum asoslariga, xavfsizlikka yoki mamlakat mudofaa qobiliyatiga tahdid soladigan tashkilotlar nomaqbul tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bunday tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik uchun 100 ming rublgacha jarima solinishi mumkin. Takroran sodir etilgan taqdirda 300 mingdan 500 ming rublgacha jarima, 360 soatgacha majburiy mehnat yoki to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning 25 mart kuni Vashingtondagi Federal okrug sudi AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati “Ozodlik radiosi” media korporatsiyasini moliyalashtirishni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini vaqtincha blokladi. Sudya Roys Lambert ushbu qarorning bajarilishi radioga “tuzatib bo‘lmaydigan zarar” yetkazadi, degan xulosaga keldi.
“USAGM rahbariyati bitta ibora bilan, deyarli asossiz, radioni ishni to‘xtatishga majbur qila olmaydi, hatto Prezident buni buyurgan bo‘lsa ham”, degan u.
“Ozodlik radiosi” mustaqil media korporatsiyasi bo‘lib, 1953 yilda tashkil etilgan. Uning faoliyati AQSH Kongressi tomonidan Global Media Agentligi orqali ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp yettita federal agentlikdagi xodimlarni keng ko‘lamli qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Ular orasida “Ozodlik radiosi” faoliyatini nazorat qiluvchi AQSH Global media agentligi (USAGM) va “Amerika ovozi” ham bor edi.
Oradan ikki kun o‘tib, “The Washington Post” nashri “Amerika ovozi” direktori Maykl Abramovichga tayanib, ushbu radiostansiya faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar berdi. Shu fonda OAV rahbariyati 1,3 mingdan ortiq xodimni majburiy ta’tilga chiqarishga majbur bo‘ldi. “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, “Ozodlik radiosi” ham xuddi shunday vaziyatga tushgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar



