Tramp “Ozodlik” va “Amerika ovozi”ni nazorat qiluvchi agentlikni tugatishni buyurdi
Olam
−
15 mart
4498AQSH Prezidenti Donald Tramp “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” nashrlari, shuningdek, yana olti federal agentlik faoliyatini nazorat qiladigan AQSH Global media agentligini (USAGM) tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqdagi tegishli hujjat Oq uy saytida e’lon qilindi.
Farmon matniga ko‘ra, Tramp ushbu agentliklarning nizomga zid bo‘lgan tarkibiy qismlari va funksiyalarini iloji boricha tugatishni talab qilgan. Bundan tashqari, u mazkur tashkilotlarga hatto ularning nizomida nazarda tutilgan funksiyalarni ham minimal darajaga tushirishni va xodimlar sonini keskin qisqartirishni buyurgan.
USAGM’dan tashqari, Vudro Vilson ilmiy markazi, mehnat nizolari bo‘yicha agentliklar, uysizlarni qo‘llab-quvvatlash tashkilotlari, muzeylar, arxivlar va kutubxonalarni moliyalashtiruvchi agentliklar, shuningdek, qashshoqlikka qarshi kurash dasturlariga ixtisoslashgan agentliklar ham tugatiladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu idoralar rahbarlari 21 martga qadar Oq uyning Byudjet boshqarmasiga farmon talablarining to‘liq bajarilishi bo‘yicha hisobot taqdim etishi lozim.
“The New York Times” nashrining yozishicha, Tramp ushbu farmoni bilan o‘z vakolatlarining chegaralarini sinovdan o‘tkazmoqda, chunki AQSH Kongressi qaroriga muvofiq, USAGM mustaqil agentlik hisoblanadi. Nashr ta’kidlashicha, “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi” xorijdagi auditoriyaga xalqaro voqealar haqida ob’ektiv axborot yetkazib berishi lozim.
Hozirda USAGM beshta xalqaro media tarmog‘ini boshqaradi, ular orasida “Ozodlik radiosi/Erkin Yevropa” va “Amerika ovozi” ham bor. Agentlikning yillik byudjeti taxminan 270 million dollarni tashkil etadi, uning ommaviy axborot vositalari 49 tilda efirga uzatiladi va har hafta 361 million kishilik auditoriyaga yetib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari va Prezident Donald Trampning eng yaqin maslahatchilaridan biri Ilon Mask AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan “Amerika ovozi” va “Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi” faoliyatini tugatishga chaqirgan edi. Keyinroq, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ilon Maskning USAID hamda “Amerika Ovozi” va “Ozodlik radiosi” kabi media loyihalarini yopish masalasidagi qarashlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda jurnalistlar tayyorlashga ixtisoslashgan yagona universitet – Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi”ning yopilishini qo‘llab chiqdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar
