Rossiyada qo‘nim topgan Akayev Qirg‘izistondagi davlat to‘ntarishida AQSHni aybladi
Olam
−
11 noyabr
14190Qirg‘izistonning sobiq rahbari Asqar Akayev 2005 yil Qirg‘izistonda yuz bergan “Lola inqilobi”ni AQSH uyushtirganini da’vo qilib, davlat to‘ntarishining juda arzonga tushganini aytdi. Bu haqda u “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Akayevga ko‘ra, “rangli inqiloblar” AQSH tomonidan turli mamlakatlardagi ularga yoqmagan rahbarlarni almashtirish uchun qo‘llanadi. Uning aytishicha, AQSH Akayevni ikki sababga ko‘ra yoqtirmay qolgan: birinchidan, u 2003 yilda AQSH xohishiga qarshi Qirg‘izistonda Rossiya aviabazasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqani; ikkinchidan esa, 2004 yilda “Manas” xalqaro aeroportida AQSHning kuzatuv samolyoti “Avaks”ni joylashtirishni rad etgan.
“Keyinchalik AQSH avval Gruziya (2003 yil) va Ukraina (2004 yil)da muvaffaqiyatli qo‘llangan keng tarqalgan ssenariy asosida harakat qila boshladi. Mening va oila a’zolarimning obro‘sini to‘kadigan keng qamrovli axborot kampaniyasi boshlandi. AQSHning yordamida radikal muxolifatga respublika qonuniy hukumatiga qarshi kurash uchun saxiy moliyaviy yordam ko‘rsatildi. AQSHning Qirg‘izistondagi elchisi Stiven Yang “Lola inqilobi” deb nomlagan harakatlarga ochiqdan-ochiq rahbarlik qildi”, deydi Akayev.
U, shuningdek, o‘sha vaqtda uchinchi davlatlar orqali Yangning Davlat departamentidan prezident oilasini obro‘sizlantirish va ig‘vo qo‘zg‘atish uchun 30 million dollar so‘ragan xabari OAVda tarqalganini ma’lum qildi.
“Ma’lumki, 2005 yil 24 mart kuni fitnachilar guruhi Bakiyev, Otunbayeva va Atambayev (barchasi Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan) boshchiligida davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. To‘ntarish giyohvandlik mafiyasi va AQSHning moliyaviy va axborot ko‘magiga tayanib amalga oshirilgan. Keyingi yillarda davlat to‘ntarishidagi jinoiy ishtirok ko‘plab muammolarga sabab bo‘ldi: bir qator buyurtma qotilliklar, jinoiy dunyo vakillarining siyosiy hayotga kirib borishi va jinoiy olam bilan davlat hokimiyati o‘rtasidagi aloqalar kuchaydi. Bularning barchasi mamlakat siyosiy ahvolini yillar davomida keskin yomonlashtirdi”, deydi Akayev.
Unga ko‘ra, AQSH uchun "Lola inqilobi" 10 million dollardan 50 million dollargacha tushgan bo‘lsa, Qirg‘iziston xalqiga esa u juda qimmatga tushgan.
“Mamlakatda qariyb 15 yil davomida beqarorlik va betartiblik hamda iqtisodiy turg‘unlik yuz berdi”, deydi u.
Akayevning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar muxolifatga berilgan. Ular esa haqiqiy xalq qo‘zg‘oloni tashkil eta olmasligini anglab yetgach, hech o‘ylamasdan giyohvandlik mafiyasi va jinoiy tuzilmalar yordamidan foydalanib, oddiy davlat to‘ntarishini amalga oshirgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti, fizik olim, akademik Asqar Akayev mamlakat mustaqillikka erishgan paytdan boshlab 2005 yilgacha unga rahbarlik qilgan. 2005 yil 24 martdagi “Lola inqilobi” oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan va mamlakatni tark etgan. Shundan buyon u Rossiyada yashaydi.
Akayev rahbarligi mamlakatda korrupsiya, hokimiyatni tortib olish, shuningdek, Jalolobod viloyati Aqsi tumani Bospiyek qishlog‘ida o‘tkazilgan tinch mitingda fuqarolarga qarshi qurol qo‘llagani bilan yodda qolgan.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida Asqar Akayev qonun chiqaruvchi organga rasmiy xat yo‘llab, sobiq prezident maqomini qaytarishni so‘ragan edi. Biroq Qirg‘iziston parlamenti Akayevning sobiq prezident maqomini tiklashdan bosh tortdi.
LiveBarchasi