Qirg‘izistonning yalpi xalqaro zaxiralari 5 mlrd dollardan oshdi
Olam
−
28 yanvar
2372Qirg‘izistonning yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2024 yil yakuniga ko‘ra, 57,2 foizga oshib, 5 milliard 88 million dollarga yetdi. Bu haqda mamlakatning Milliy bank raisi Melis Turg‘unboyev o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, 2023 yilga nisbatan zaxiralar o‘tgan yilda 3 milliard 236,5 million dollardan 5 milliard 88,1 million dollarga oshgan. Mutlaq o‘sish 1 milliard 851,6 million dollarni tashkil etgan, bu esa 57,2 foiz o‘sishga teng.
Bank rahbarining aytishicha, 2024 yilda zaxiralarning oshishiga yordam bergan asosiy omillardan biri – bu aktivning ular tarkibidagi katta ulushini hisobga olgan holda oltin tannarxining ko‘tarilishi bo‘lgan.
“Milliy bank mahalliy ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallarni faol sotib oldi, bu esa zaxiralarning ko‘payishiga va ichki qimmatbaho metallar bozorini qo‘llab-quvvatlashga yordam berdi. Barkamol investitsiya strategiyasi va risklarni minimallashtirish ham muhim rol o‘ynadi, buning natijasida aktivlarning rentabelligini oshirish va ulardan foydalanish samaradorligini kengaytirish mumkin bo‘ldi”, deb yozadi Melis Turg‘unboyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro zaxiralarning o‘sishi mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini saqlashda muhim o‘rin tutadi. Bu milliy valyutani mustahkamlash, samarali pul-kredit siyosatini yuritish, davlatning tashqi moliyaviy majburiyatlarini bajarish, shuningdek, Milliy bankning operativ faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va mamlakat moliya tizimiga ishonchni oshirishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari umumiy hisobda qariyb 293,7 million dollarga kamaygan edi. 2024 yil boshidan to o‘sha vaqtgacha valyuta rezervlari qariyb 900 million dollarga qisqargandi.
Sara Komiljonova
LiveBarchasi