Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradosh qishloqlarni almashadi

Olam

image

Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradosh qishloqlardagi yer maydonlarini o‘zaro almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Kabar”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bizda shaxmat taxtasiga o‘xshab aralash holda joylashgan chegara qishloqlari bor. Ushbu masalani ham hal qildik. Aks holda, chegarani qo‘riqlash ikkala tomon uchun ham katta noqulayliklar tug‘dirardi. Agar bizning hududimizda Tojikiston fuqarolariga tegishli uylar bo‘lsa, Tojikiston tomoni ularni ko‘chiradi. Agar bizning fuqarolarimizning uylari ularning hududida qolgan bo‘lsa, biz o‘z fuqarolarimizni ko‘chiramiz. Ularga boshqa joyda uy-joy qurib beramiz. Bu jarayonda yer maydonlarining o‘lchami hisobga olinadi. Shu tariqa, masalalar har bir metr yerni hisobga olib hal qilindi”, dedi davlat rahbari.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi chegara masalasi deyarli hal etilgan. Hozirda hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ikki tomonlama ishlar olib borilmoqda.

“Bu ishlar yakunlangach, hukumatlararo komissiyalar imzo qo‘yadi, keyin Tashqi ishlar vazirlari. Ushbu jarayonlardan so‘ng bitim ikkala davlat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Shundan keyin biz – ikki davlat Prezidentlari hujjatga imzo chekamiz. Keyin diplomatik notalar almashiladi. Shundan keyin yana bir-ikki yil davomida demarkatsiya ishlari olib boriladi. Faqat shundan so‘ng jarayon to‘liq yakunlanadi. Eng muhimi – biz o‘zaro kelishuvga erishdik”, dedi davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi qariyb ming kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, vaqti-vaqti bilan ikki davlat chegarachilari va mahalliy aholisi o‘rtasida jiddiy nizolarga sabab bo‘lib kelgan. Bunga chegaraning aniq belgilab olinmagan hududlari sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil dekabr oyi boshida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev tojikistonlik mavqedoshi Saymumin Yatimov bilan uchrashuvdan so‘ng Bishkek va Dushanbe davlat chegarasidagi bahsli hududlar bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. U chegaraning aniq chizig‘ini huquqiy rasmiylashtirish bir necha oy davom etishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston chegara Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing