Rossiyada qancha migrant rus tili imtihonidan o‘tolmagani ochiqlandi
Olam
−
27 Oktabr 2025 5569 2 daqiqa
Rossiyada joriy yilning uchinchi choragida (iyul, avgust, sentyabr) xorijiy fuqarolarning rus tili bo‘yicha imtihon topshirishda 35 foizdan ortig‘i birinchi urinishdayoq imtihondan o‘ta olmadi. Bu haqda Rossiya Ta’lim va fan vazirligiga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, rus tili chet tili sifatida, Rossiya tarixi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi asoslari bo‘yicha, Rossiyada mehnat qilish uchun ruxsatnoma yoki patent olish darajasiga mos keluvchi imtihonni jami 275 ming 609 kishi topshirgan. Ulardan 86,9 foizi imtihonni muvaffaqiyatli yakunlagan, biroq birinchi urinishda imtihondan o‘tolmaganlar ulushi 35,1 foizni tashkil etgan.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, imtihon topshirish imkoniyati Rossiyaning barcha hududlarida hamda Rossiyadan tashqarida, jumladan, Tojikiston va O‘zbekiston hududlaridagi jami 203 ta punktda yo‘lga qo‘yilgan. Ularning orasida 88 ta Rossiya universiteti mavjud bo‘lib, shundan 82 tasi vazirlikka bo‘ysunadi.
Ma’lumot uchun, Rossiyada ushbu imtihonlar uch darajada o‘tkaziladi:
- Birinchi daraja – Rossiya hududida ish faoliyati uchun patent yoki ruxsatnoma olish;
- ikkinchi daraja – vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish;
- uchinchi daraja – doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni olish uchun. Har bir imtihon uch blokdan iborat bo‘ladi: birinchi blok faqat rus tili bo‘yicha testdan iborat bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi bloklarda Rossiya tarixi hamda qonunchilik asoslari bo‘yicha bilimlar tekshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda Moskva politsiyasi tashabbusi bilan Rossiyadan 450 dan ortiq noqonuniy migrant deportatsiya qilingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi