Rossiyada chet tillardagi so‘zlarni ommaviy ishlatish taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Rossiyada tashqi reklama va vitrinalardan coffee, fresh, sale, shop, open kabi chet tillardagi so‘zlarini ishlatish taqiqlanishi mumkin. Biroq savdo belgilari uchun xorijiy so‘zlarni ishlatishga ruxsat beriladi. Buni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kecha, 11 fevral kuni Rossiya Davlat dumasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ushbu hujjat 2023 yilda deputatlar guruhi tomonidan, shu jumladan, o‘sha vaqtda dumadagi madaniyat qo‘mitasini boshqargan, hozir esa Prezident maslahatchisi bo‘lgan Yelena Yampolskaya tomonidan kiritilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, tijorat nomlari va iste’molchilarga ommaviy ravishda taqdim etiladigan ma’lumotlar faqat rus tilida bo‘lishi shart. Shuningdek, reklamada ishlatiladigan chet tillardagi yoki Rossiya xalqlarining mahalliy tillaridagi matnlar rus tiliga tarjima qilinishi majburiy bo‘ladi.

Hujjat tushuntirish xatlarida “shunday qilib, vitrinalar va do‘konlarning tashqi qismida coffee, fresh, sale, shop, open kabi so‘zlarni ishlatish imkonsiz bo‘lishi kerak” deb ta’kidlangan. Shuningdek, qonun loyihasi turarjoy majmualari, qishloqlar, mahallalar va tumanlarga chet tilidagi yoki xorijiy so‘zlardan olingan nomlarni berish amaliyotini to‘xtatishga qaratilgan.

Biroq ushbu cheklovlar savdo belgilari, firma nomlari va xizmat ko‘rsatish belgilari uchun tatbiq etilmaydi. Deputatlar bu orqali “rus tilini himoya qilish” hamda ommaviy joylarda anglitsizm (ingliz tilidagi so‘zlarning boshqa tilga ko‘chishi) va chet tilidagi so‘zlarning ishlatilishini keskin cheklashni maqsad qilganini ta’kidlamoqda.

Rossiyada chet tilidagi so‘zlarni ortiqcha ishlatilishidan himoya qilishga qaratilgan cheklovlar allaqachon mavjud. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada migrantlarning o‘z vataniga pul o‘tkazgani uchun 3 foizlik soliq joriy etish taklif qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya chet tillar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing