Rossiyada 5 o‘zbekistonlik yonib ketgan ferma egasiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Olam
−
27 dekabr
6945Rossiyaning Udmurtiya Respublikasi sobiq qishloq xo‘jaligi vazirining qizi Yelena Sobinaga nisbatan Malorechensk qishlog‘idagi migrant ishchilar yashagan yotoqxonada yuz bergan yong‘in sabab jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Biznes Online” xabar berdi.
“Umid qilamanki, tergov adolatli va xolisona o‘tadi, ishning barcha tafsilotlarini ko‘rib chiqadi. Biz jabrlanganlarga yordam ko‘rsatdik, tergovdan yashirinmoqchi emasmiz”, dedi Sobina.
Yelena Sobinaga nisbatan “xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish”, “sovuqqonlik”, “noqonuniy migratsiyani tashkil qilish” va “yong‘in xavfsizligi talablarini buzish” moddalari bilan jinoiy ish ochilgan. Lekin Yelena aybiga iqror bo‘lmagan. Bundan tashqari, “Mir” kompaniyasi direktori Vladimir Chayka ham ushlangan.
Sud hukmi bilan u 2025 yilning 24 fevraliga qadar uy qamog‘iga olingan. Uning advokati Rahim Bayramovga ko‘ra, halok bo‘lganlarning uch nafar yaqiniga 1,5 million rubl miqdorida kompensatsiya to‘langan (faqat bitta kishi rasmiy ravishda jabrlanuvchi deb tan olingan). Qolganlarga esa G‘arb sanksiyalari tufayli hali bank orqali pul o‘tkazmalari amalga oshirilmagan. Advokatning qo‘shimcha qilishicha, Sobina o‘z xohishi bilan tergovchilarga murojaat qilgan.
Tergovning dastlabki versiyasiga ko‘ra, 2023 yilda fermer xo‘jaligi rahbari ishchilarni joylashtirish uchun qishloqdagi noturar binoni ijaraga olgan. Shu bilan birga ferma bosh direktori binoni normal holatda ishlatish uchun zarur sharoitlarni ta’minlashi, fermer xo‘jaligi rahbari esa yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishi kerak bo‘lgan. Ammo bu talablarning hech biri bajarilmagan. Xususan, ob’ektda tunu kun navbatchilik tashkil etilmagani, avtomatik yong‘in signalizatsiyasi tizimi, xabardor qilish va evakuatsiyani boshqarish tizimlari mavjud bo‘lmagani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, yong‘in joriy yilning 24 dekabr kuni taxminan soat 03:00 da “Mir” kompaniyasiga qarashli fermer xo‘jaligi ishchilari uchun mo‘ljallangan yotoqxonada yuz bergan. Yong‘inda 300 kvadrat metr maydon yonib ketgan. Fojiada ushbu uyda yashagan 39 kishidan 33 nafari omon qolgan. Halok bo‘lganlar orasida besh nafar O‘zbekiston fuqarosi va bir nafar Udmurtiya aholisi bo‘lgan. Keyinroq yong‘inda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning shaxsi aniqlandi va ularning 48 yoshli A.B., 59 yoshli X.X., 54 yoshli J.U., 29 yoshli B.N. va 22 yoshli S.D. ekani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr