Rossiyada hujjatlarni soxtalashtirgan o‘zbekistonliklarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (video)
Olam
−
15 iyul 5790 2 daqiqa
Rossiyaning Kaliningrad viloyatida hujjatlarni soxtalashtirib, 110 nafar migrantni noqonuniy ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonliklarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Tergov natijalariga ko‘ra, 2024 yilning yanvaridan 2025 yil iyungacha bo‘lgan davrda uch nafar shaxs ataylab soxta mehnat shartnomalari va uy-joy ijarasi shartnomalarini tuzish yo‘li bilan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan bo‘lgan 110 dan ortiq fuqaroni turar joy bo‘yicha ro‘yxatga olishni soxtalashtirgan.
“Rossiya Harbiy tergov organlari tomonidan Tatyana Glazkova, Baxtiyor Farajov va Doniyor Fayziyevga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 3-qismi (xorijiy fuqarolarni Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy olib kirish va ularning noqonuniy yashashini tashkil qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyiladi xabarda.
Jinoiy harakat Rossiyaning Kaliningrad viloyati bo‘yicha Federal xavfsizlik xizmati (FXX) boshqarmasi, Boltiq floti va Kaliningrad viloyati harbiy qismlari bo‘yicha FXX, shuningdek, FXXning mintaqaviy chegara boshqarmasi bilan birgalikda harbiy tergovchilar tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida aniqlangan.
Harbiy tergovchining iltimosiga binoan sud Tatyana Glazkovani ehtiyot chorasi sifatida hibsga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Voljsk shahrida sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosini uyiga ro‘yxatga qo‘ygan 63 yoshli mahalliy fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Jami 100 dan ortiq shaxs tekshirilib, migratsiya qonunchiligini buzgan olti nafar shaxs aniqlangan.