Rossiya Yevropadagi qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etmoqda – Kallas

Olam

image

Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas so‘nggi oylarda Yevropada sabotaj qilishga urinishlar alohida holatlar emas, balki YeI infratuzilmasini beqarorlashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlar tizimining bir qismi ekani hamda bu voqealarga Rossiyaning aloqasi borligini aytdi. Bu haqda bugun, 30 dekabr kuni uning “Welt” nashriga bergan intervyusi chop etildi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishni boshlaganidan beri Yevropada qo‘poruvchilik harakatlari soni ortgan. Kallas o‘z so‘zining isboti sifatida Boltiq dengizidagi Estlink 2 suvosti kabeliga yetkazilgan zararni misol qilib keltirdi.

Shu fonda Kallas Rossiya kemalariga nisbatan qattiqroq choralar qo‘llanishini e’lon qildi. Kallas Rossiyaning “soya floti”ning qoidalarni buzgan holda ishlaydigan kemalari ham atrof-muhitning ifloslanishi uchun javobgar ekanini eslatib o‘tdi.

Shu bilan bir qatorda, u AQSHda hokimiyat saylangan prezident Donald Tramp jamoasiga o‘tgandan so‘ng, Vashington Rossiyaga nisbatan “ishonchli va qattiqqo‘llik bilan” harakat qilishi va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi kerak deb hisoblaydi.

“Ukrainaga yordam berish – bu hammamizning xavfsizligimiz uchun qilingan sarmoyadir, agar Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qat’iy qarshi tursa, bu Xitoy bilan bog‘liq muammolarni oldini oladi, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash amerikaliklarni kelajakdagi mojarolardan himoya qiladi”, degan Kaya Kallas.

Kallas intervyuda Aqtauda yo‘lovchi samolyoti halokatga uchraganini ham tilga olgan. Fojia sabablari haqidagi versiyalar orasida samolyot Grozniyga qo‘nishga urinayotganda Rossiya havo mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgani haqidagi bayonotlar tobora ko‘payib bormoqda. Kallasning so‘zlariga ko‘ra, buni isbotlovchi dalillar ham ortib bormoqda.

“Oxir-oqibat, voqea uchun javobgarlik har qanday holatda ham Rossiya rasmiylari zimmasiga tushadi. Moskva bu falokat yuzaga kelishi uchun sharoit yaratib bergan”, deydi Kallas.

Suhbat chog‘ida yevropalik bosh diplomat Rossiyaning muzlatib qo‘yilgan aktivlaridan keladigan daromaddan Ukrainani urushda qo‘llab-quvvatlash va mamlakatni tiklash uchun kelgusida foydalanish masalasini ham ko‘targan.

“Rossiya yetkazgan zararni to‘lashi kerak. Kiyevning tovon to‘lash talabi qonuniydir. Muzlatilgan aktivlarning bir qismi yoki barchasi Ukrainani mustahkamlash uchun qanday ishlatilishini muhokama qilishimiz kerak”, deydi Kallas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga “tinchlikparvar kuchlar” yuborish masalasini muhokama qilmayotganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi qo'poruvchilik Kaya Kallas Aqtau

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing