Rossiya YeIga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Yevropa Ittifoqiga, jumladan, Ittifoqning oliy harbiy rahbariyatiga va Ukrainaga harbiy mahsulotlar yetkazib berishda ishtirok etgan boshqa shaxslarga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bugun, 7 sentyabr kuni tarqatilgan bayonotida aytiladi.

“Cheklovlar, xususan, Yevropa Ittifoqining oliy harbiy rahbariyatiga, YeIga a’zo davlatlar huquqni muhofaza qilish organlarining yuqori martabali xodimlariga, Ukrainaga harbiy mahsulotlar, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi Yevropa tijorat tashkilotlari vakillariga nisbatan qo‘llaniladi”, deyiladi xabarda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va uning alohida a’zo davlatlari Kiyev rejimiga halokatli qurol va harbiy texnika yetkazib bermoqda, ular fuqarolik infratuzilmasi va muhim ob’ektlarni o‘qqa tutishda foydalanilmoqda, bu esa mojaro zonasida gumanitar vaziyatni yanada murakkablashtirib, butun Yevropa qit’asini xavf ostiga qo‘yadi.

“Bu Yevropa Ittifoqi Ukraina va Yevropada tinchlik o‘rnatishga sarmoya kiritmoqchi emasligini, ular mojaroni cho‘zish yo‘nalishini saqlab qolishini ko‘rsatadi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aholisi bunday jangovar siyosat uchun o‘z cho‘ntaklaridan to‘lashga majbur”, deyiladi hisobotda.

Vazirlik sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning Rossiyaga kirishi taqiqlanganini va Rossiya TIVning tegishli notasi Yevropa Ittifoqi vakolatxonasiga topshirilganini ma’lum qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

18

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing