“Rossiya yangi kuchlarni tashlayapti”. Zelenskiy Norvegiyadan qurol so‘rab, tezda javob oldi

Olam

image

Ukraina Prezident Vladimir Zelenskiy Norvegiyadan kemalarga qarshi qurollar, “Garpun” raketalari va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari yetkazib berishni so‘radi. U iltimosini Norvegiya parlamentiga murojaatida aytib o‘tdi.

“Urush davom etmoqda. Rossiya bizni vayron qilishda, ukrainaliklarni yo‘q qilishda davom etish uchun yerimizga yangi kuchlarni o‘tkazmoqda. Biz urushni to‘xtatish uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak. Birinchi va asosiysi – qurol. Ozodlik zolimlikdan yomonroq qurollanmasligi kerak. Ishoning, biz odamlarni, shaharlarni yo‘qotmoqdamiz, ular vayron qilinmoqda. Shuning uchun men bizga nima kerakligini aniq aytmoqchiman, xususan, kemaga qarshi qurollar, “Garpun” raketalari, shuningdek, NASAMS havo mudofaa tizimlari. Bundan tashqari, bizga zirhli texnika va artilleriya tizimlarini yo‘q qilish uchun vositalar kerak”, degan Zelenskiy.

Ukraina yetakchisi Norvegiya yetkazib beradigan qurollar faqatgina mamlakat mustaqilligini qo‘riqlash uchun foydalanilishini ta’kidlagan.

“Faqatgina siz boshqa yevropaliklar bilan birga baham ko‘rayotgan erkinlik va xavfsizlikni himoya qilish uchun”, deydi Zelenskiy.

Shundan so‘ng, Norvegiya hukumati Ukrainaga 2000 ta M72 tankka qarshi qurollarini yetkazib berishi ma’lum bo‘ldi. 

“Norvegiyaning 2000 ta M72 tankga qarshi granatalarini o‘z ichiga olgan Hercules samolyoti Ukraina tomon yo‘l oldi”, deya xabar berdi Norvegiya Mudofaa vazirligi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

243

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing