Rossiya va Ukraina yana asirlarni almashdi

Olam

image

Bugun, 19 iyun kuni Rossiya-Ukraina o‘zaro asirdagi harbiylarni almashdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi. 

Vazirlikning bildirishicha, rossiyalik harbiy xizmatchilarning bir guruhi Ukraina nazorati ostidagi hududdan qaytarilgan. Evaziga esa Ukraina kuchlarining asirga olingan harbiylari topshirilgan.

Ta’kidlanishicha, hozirda rossiyalik harbiylar Belarus hududida, u yerda ularga zaruriy psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. 

“Barcha rossiyalik harbiy xizmatchilar Rossiyaga yetkaziladi va u yerda Mudofaa vazirligining tibbiyot muassasalarida davolanish hamda reabilitatsiyadan o‘tadi”, deyiladi xabarda. 

Tomonlar nechtadan asirlarni almashtirgani haqida aniq ma’lumot keltirmagan. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham harbiy asirlar o‘z uyiga qaytayotgani haqida bildirgan. Unga ko‘ra, bu harbiylarning ko‘pchiligi 2022 yildan beri ruslar qo‘lida asirlikda bo‘lgan. 

“Bizning odamlar Rossiya asirligidan uyga qaytyapti. Bu – Qurolli kuchlar, Milliy gvardiya va Davlat chegara xizmati askarlari. Ularning aksariyati 2022 yildan buyon asirlikda bo‘lgan.

Biz yurtdoshlarimizni qaytarish ustida ishlayapmiz. Bunday almashuvlarni amalga oshirishga yordam berayotganlarning barchasiga minnatdorlik bildiraman. Bizning maqsadimiz – har bir erkak va ayolni ozod etish”, degan Ukraina rahbari. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda keng ko‘lamli asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Tomonlar og‘ir yaralangan harbiylar va yoshi 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish hamda o‘zaro urushda halok bo‘lgan 6000 nafar harbiy xizmatchining jasadlarini qaytarish haqida kelishgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyun kuni Ukraina Rossiyadan 1200 nafar halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarining jasadini qabul qilib olgandi. 16 iyun kuni esa Ukraina Rossiyadan yana 1245 qurbonning jasadini qabul qilib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing