Rossiya Ukrainaga yana 1245 qurbonning jasadini topshirdi (video)
Olam
−
16 iyun 6235 1 daqiqa
Ukraina Rossiyadan yana 1245 qurbonning jasadini qabul qilib oldi. Shu tariqa, Istanbul kelishuvlarining repatriatsiya qismi yakunlandi. Bu haqda Ukraina harbiy asirlarni davolash bo‘yicha muvofiqlashtirish shtab-kvartirasi bugun, 16 iyun kuni xabar berdi.
Iyun oyi boshida Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar doirasida Ukraina jami 6057 jasadni qabul qildi.
“Huquq-tartibot idoralari tergovchilari IIV ekspertiza muassasalari bilan birgalikda barcha zarur ekspertizalarni o‘tkazib, vatanga qaytarilgan jasadlarning shaxsini aniqlaydi”, deyiladi xabarda.
O‘tkazilgan qoldiqlar, Rossiya tomoniga ko‘ra, Ukraina fuqarolariga, jumladan, harbiy xizmatchilarga tegishli.
Ayni paytda Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari, Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy Ukraina Qurolli kuchlarining jami 6060 nafar halok bo‘lgan ofitser va askarlarining jasadi Ukrainaga topshirilganini, shu tariqa Rossiya “Istanbulda bergan va’dalarini bajarganini” da’vo qilmoqda. Rossiya 78 jasadni qabul qilgan.
O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi 16 iyun kuni Kiyevga 1248 nafar halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning jasadi topshirilgani, Moskva esa 51 nafar harbiy xizmatchining jasadi qabul qilingani haqida xabar berdi. Rossiya departamenti “hozirgi bosqichda Ukraina Qurolli kuchlarining halok bo‘lgan yana 2239 nafar harbiy xizmatchisining jasadini Ukraina tomoniga topshirishga” tayyorligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyun kuni Ukraina Rossiyadan 1200 nafar halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarining jasadini qabul qilib olgandi.
Live
Barchasi