Rossiya va Ukraina o‘rtasida dronlar jangi bo‘ldi
Olam
−
14 dekabr 2023
9125Bugun, 14 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga uchuvchisiz samolyotlar va S-300 raketalari bilan hujum qildi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning 42 ta Shahed-131/136 dronlari uch yo‘nalishdan – anneksiya qilingan Qrimdagi Balaklava va Chauda hamda Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasidagi Primorsko-Axtarskdan uchirilgan. Ularning deyarli barchasi (bittasi bundan mustasno) urib tushirilgan.
Mahalliy hokimiyatning xabar qilishicha, Odessada urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlarning qoldiqlaridan o‘ndan ortiq binolar, asosan, turar-joylar zarar ko‘rgan, shaxsiy avtomobillar yonib ketgan. 11 nafar tinch aholi, jumladan, 3 nafar bola jarohatlangan.
Dunay hududida Rossiya kuchlari Ukraina-Ruminiya chegarasidagi port infratuzilmasiga hujum qilgan. Yiqilgan vayronalar ikkita don omborining saqlash joylariga zarar yetkazgan. Hech kim jabrlanmagan.
Bundan tashqari, Ukraina Qurolli kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, yarim tunga yaqin Xerson viloyatining bosib olingan hududidan Nikolayev va Xerson viloyatlari yo‘nalishi bo‘yicha oltita S-300 raketalari uchirilgan.
Odessa viloyati rasmiylariga ko‘ra, Xerson yaqinidagi Mirolyubovkadagi xususiy uy, garaj va xo‘jalik inshootlari S-300 raketasi bilan vayron qilingan bo‘lishi mumkin. Keksa ayol uy vayronalari ostida vafot etgan. Shuningdek, ta’lim muassasasi va ambulatoriya ham zarar ko‘rgan.
O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakat hududiga uchirilgan to‘qqizta Ukraina samolyoti tipidagi dronlar urib tushirilgani ma’lum qilgan. Bildirilishicha, dronlar Kaluga va Moskva viloyatlarida tutilgan.
Moskva meri Sergey Sobyanin kechasi Naro-Fominsk shahar okrugida Rossiya poytaxti tomon uchayotgan ikki dron hujumi qaytarilganini aytgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, har ikkala holatda ham vayronagarchilik va qurbonlar bo‘lmagan.
Kaluga gubernatori Vladislav Shapshaga ko‘ra, Kaluga viloyatining Suxinichi tumanida bitta dron urib tushirilgan. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q.
LiveBarchasi