Rossiya O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirishi kutilmoqda

Jamiyat

image

Rossiyaning O‘zbekistonga quvur orqali gaz yetkazib berish hajmi 2025 yildagi 7 milliard kub metrdan 2026 yilda 10 milliard kub metrdan sal ko‘proqqacha oshishi kutilmoqda. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining (IEA) joriy yilning 3-choragi uchun e’lon qilgan Gaz bozori hisobotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga quvurlar orqali gaz eksporti 2026 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga (yoki 0,4 milliard kub metrga) oshgan. Ayni paytda Turkiyaga yetkazib berish hajmi joriy yilning dastlabki besh oyida o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga (yoki 0,4 milliard kub metrga) kamaygan. Rossiyaning “Sibir quvvati” quvur tizimi orqali Xitoyga gaz eksporti o‘tgan yilgi darajaga nisbatan biroz oshgani kuzatilmoqda. 

Bundan tashqari, Rossiya “Markaziy Osiyo – Markaz” quvur tizimi orqali Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga quvur orqali gaz yetkazib berishni ko‘paytirishda davom etmoqda. Rossiyaning O‘zbekistonga quvur orqali gaz yetkazib berish hajmi 2025 yildagi 7 milliard kub metrdan 2026 yilda 10 milliard kub metrdan sal ko‘proqqacha oshishi kutilmoqda.

Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksporti 2026 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 8 foizga (yoki 2 milliard kub metrga) oshgan. Bu o‘sish asosan Yevropa bozorlariga gaz yetkazib berishning kuchaygani (o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga o‘sish) hisobiga sodir bo‘lgan. Yevropa Ittifoqida REPowerEU reglamenti kuchga kirmoqda. Unga ko‘ra, Rossiyadan qisqa muddatli STG importi 25 apreldan, quvur orqali gaz importi esa 17 iyundan boshlab taqiqlangan. Bu omil 2026 yilning ikkinchi yarmida Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga tabiiy gaz eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida tabiiy gaz qazib olish ko‘rsatkichlari turlicha ko‘rinish olgan. Turkmanistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi deyarli o‘zgarishsiz qolgan. 

“Bundan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi 2026 yilning dastlabki besh oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga (yoki 2,6 milliard kub metrga) kamaydi”, deyiladi hisobotda. 

Qozog‘istonda esa xuddi shu davrda sotiladigan gaz ishlab chiqarish hajmi taxminan 8 foizga (yoki 1 milliard kub metrdan ko‘proqqa) kamaygan. Ozarbayjonda 2026 yilning dastlabki besh oyida sotiladigan gaz ishlab chiqarish o‘tgan yilgi darajaga yaqin bo‘lgan. Mamlakatning quvur orqali gaz eksporti esa ushbu davr mobaynida deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

Ushbu prognozga ko‘ra, Yevaroosiyoda gaz qazib olish hajmi 2026 yilda 2 foizga oshishi kutilmoqda. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich 2021 yildagi darajadan 19 foizga pastligicha qolmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish bo‘yicha qo‘shimcha hajmni ta’minlashga tayyor ekani va tomonlar yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha kelishuv olib borayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing