Rossiya O‘zbekistondan olgan notaga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
11 iyun 71208 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston Rossiyada bo‘lib turgan mehnat migrantlariga nisbatan kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan qilinayotgan qo‘pol, inson huquqlariga zid harakatlar yuzasidan nota yuborib, huquq-tartibot organlarining faoliyatiga huquqiy baho berilishini so‘ragandi. Rossiya tomoni O‘zbekistondan qabul qilingan notadagi ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqmoqda va mamlakat rasmiylarining tegishli so‘rovi vakolatli organlarga yetkazilmoqda. Olingan ob’ektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda Toshkentga uzatiladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
“O‘zbekiston elchixonasidan nota olinganligi munosabati bilan undagi ma’lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqdamiz. Huquqni muhofaza qilish va boshqa xizmatlar orqali bizda bevosita aloqa kanallari mavjudligini qayd etmoqchiman. Ittifoqchilar o‘rtasida odat bo‘lganidek, suhbat ochiq va har qanday signal diqqat bilan ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston tomonining yuqorida qayd etilgan murojaati vakolatli organlarga yetkaziladi. Qabul qilingan ob’ektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda sheriklarga o‘tkaziladi”, dedi Zaxarova.
Shuningdek, Rossiya TIV vakili Toshkent va Moskva mustahkam ittifoqchilik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlariga ega ekanini, ikki tomonlama munosabatlarning barcha masalalariga shu nuqtai nazardan yondashilayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy hafta boshida ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya poytaxti Moskvadagi Mudofaa vazirligi muassasalaridan birida xavfsizlik kuchlari migrantlarga qarshi reyd o‘tkazgani videosi tarqaldi. Holat joriy yilning 8 iyun kuni kuni sodir bo‘lgan. Videoda kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari migrantlarni urib, tepib, haqoratlab, binodan haydab chiqarayotganini ko‘rish mumkin.
Mazkur vaziyatga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi ham munosabat bildirdi. Vakolatxonaga ko‘ra, Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasining huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan rasmiy ma’lumot kutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi ushbu masalani nazoratga olgan.
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja mazkur vaziyatga izoh berar ekan, aholisi yiliga qariyb 1 millionga ortayotgan O‘zbekiston ishchi kuchini boshqa mamlakatlarga yo‘naltirishga majburligini aytgan, ammo, shunday bo‘lsa-da, Rossiyaga borish o‘rniga boshqa yo‘lni tanlashni tavsiya qildi.
Live
Barchasi