Rossiya urushga yollanuvchilarga frontda bosib o‘tgan har bir kilometr uchun 650 dollar berishni va’da qilyapti – “The Telegraph”
Olam
−
27 mart 2023
9975Rossiyada Ukrainadagi bosqinga bahorgi safarbarlik doirasida urushga yollanuvchilarga bosib o‘tgan har bir kilometri uchun 650 dollar miqdorida mukofot taklif qilinmoqda. Kreml bu safarbarlikning navbatdagi bosqichidan o‘tib olishga yordam beradi deb umid qilmoqda. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hukumat veb-saytlarida hamda davlat muassasalari va tashkilotlarining, jumladan, kutubxonalar va litseylarning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarida ishga qabul qilinganlarga bir qator imtiyozlar taklif etuvchi e’lonlar paydo bo‘lgan.
Xususan, G‘arbiy Yaroslavl viloyatidagi munitsipal ma’muriyat tomonidan ro‘yxatdan o‘tish uchun taxminan 3 800 dollar miqdorida bir martalik mukofot e’lon qilingan. Agar yollanganlar Ukrainaga yuborilgan bo‘lsa, ularga oyiga 2500 dollargacha maosh, qo‘shimcha ravishda “faol hujumkor operatsiyalarda qatnashgani uchun” kuniga taxminan 100 dollar va “hujum guruhlari ichidagi oldinga siljigan har bir kilometr uchun” 650 dollar va’da qilingan.
“Kreml Ukrainadagi to‘xtab qolgan urushi uchun yangi yollanganlarga juda muhtoj, ammo safarbarlikning yana bir nomaqbul bosqichidan qochishni xohlaydi. Sentyabr oyida uning qisman safarbar etilishi o‘n minglab erkaklarning mamlakatni tark etishiga olib keldi”, deyiladi xabarda.
Majburiy safarbarlik o‘rniga hukumat erkaklarni ko‘ngillilikka jalb qilishga umid qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, ishga yollovchilar munosib erkaklarni ro‘yxatdan o‘tishga chaqiradi, qiziqtiruvchi imtiyozlar yozilgan e’lonlar taxtalari o‘rnatiladi. Harbiy xizmatga chaqiruv idoralari talabalar va ishsizlarni jalb qilish uchun universitetlar va ijtimoiy xizmat agentliklari bilan hamkorlik qilmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, butun mamlakat bo‘ylab erkaklar harbiy xizmatga chaqiruv idoralaridan chaqiruv olishmoqda. Moskvadan 250 chaqirim shimolda joylashgan Vologda viloyatida chaqiruv qog‘ozi olib, harbiy xizmatga borgan erkaklar hududni tark etishiga to‘sqinlik qiluvchi hujjatlarga imzo chekishga majbur bo‘lgani xabar qilingan.
LiveBarchasi