O‘qituvchilarning mukofot pulidan soliq ushlangani bo‘yicha izoh berildi

Jamiyat

−

image

Ijtimoiy tarmoqlarda 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan umumta’lim muassasalari xodimlariga to‘langan mukofot pullaridan daromad solig‘i ushlangani turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova munosabat bildirdi.

Uning bildirishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qaroriga asosan, “1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan umumta’lim muassasalari xodimlari Direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 75 foiziga qadar miqdorda mukofotlanishi mumkin. 

Soliq kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, mazkur mukofot puli rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lov hisoblanadi hamda xodimning jami daromadlari tarkibiga kiritiladi. Shunga ko‘ra, ushbu pul mukofotiga daromad solig‘i solinadi.

Ma’lumot uchun, Soliq kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarori asosida, bir yo‘la beriladigan pul mukofoti (masalan, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblariga to‘lanadigan pul mukofoti) jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi va mazkur turdagi mukofot pullaridan daromad solig‘i ushlanmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi pedagoglar o‘rtasida yilning eng katta bellashuvi – Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblari aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Tanlovda 208 ta tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 616 mln so‘m (bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari) pul mukofoti bilan mukofotlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing