Rossiya urush boshlanganidan beri Ukrainaga nechta raketa uchirdi? 

Olam

image

Joriy yilning 24 fevralidan beri Rossiya armiyasi Ukrainaga 1474 ta raketa zarbasi berib, 2275 ta turli raketalardan foydalangan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

“Bosqinchilar bizga qarshi juda shafqatsiz urush olib bormoqda. Darhaqiqat, Yevropa qit’asida 77 yildan beri bunday urush bo‘lmagan. Ommaviy urush. Dushman imkon qadar ko‘proq odamlarni va infratuzilmani yo‘q qilishga urinadi”, deydi u. 

Zelenskiyning eslatishicha, ruslarning Desna qishlog‘iga raketa zarbasi berishi natijasida 87 kishi halok bo‘lgan. 

“Bu atigi 4 ta raketa edi. Umuman olganda, 24 fevraldan beri Rossiya armiyasi 2275 ta turli raketalardan foydalangan holda Ukrainaga 1474 ta raketa zarbasi berdi. Ularning katta qismi fuqarolik nishonlariga”, deya ta’kidlagan Zelenskiy. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, uch oydan kamroq vaqt ichida Rossiya samolyotlari va vertolyotlari tomonidan 3000 dan ortiq havo zarbalari berilgan. 

“Boshqa qaysi davlat bunday miqyosdagi zarbalarga dosh berdi? Biz har safar hamkorlarimizga zamonaviy raketaga qarshi qurollar, zamonaviy jangovar aviatsiya kerakligini aytar ekanmiz, shunchaki rasmiy iltimos bilan cheklanmasdan, bu iltimosimiz ko‘plab odamlarning hayotidir, deymiz”, degan u.

 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing