Rossiya Ukrainaning qator viloyatlariga raketa hujumi uyushtirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya harbiylari bugun, 28 iyul kuni tongda Kiyev viloyatining Vishgorod tumanidagi jamoatlardan biriga raketa bilan zarba berdi. Bu haqda viloyat Harbiy ma’muriyati rahbari Aleksey Kuleba ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, infratuzilma ob’ekti o‘qqa tutilgan.

“Jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda. Barcha favqulodda xizmatlar allaqachon [voqea] joyida ishlamoqda. Yana bir bor sizni signallarni e’tiborsiz qoldirmaslikka chaqiraman, boshpanaga yashirining. Urush davom etmoqda, dushman makkorona raketa zarbalarini berishda davom etmoqda”, degan Kuleba.

Ukraina matbuoti Nikolayev va Xarkovga an’anaviy tus olayotgan kechki yoki tonggi raketa zarbalari haqida ham ma’lumot bergan. Nikolayev meri Aleksandr Senkevich ertalab soat 4:00 da kuchli portlashlar haqida xabar bergan, Xarkov meri Igor Terexov bir kechada ikkita o‘q uzilgani haqida yozgan.

“Ikkalasi ham yarim tundan keyin. Biri markazga yaqinroq, ikkinchisi qo‘shni hududlardan birida. Yana S-300 raketalari. Qurbonlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q”, degan Terexov.

Shuningdek, Chernigovga ham hujum uyushtirilgani aytilmoqda.

“Ertalab soat 5:00 dan keyin Belarus hududidan raketalar uchirildi. Goncharovskiy yaqiniga raketa tushgani haqida dastlabki ma’lumotlar bor. Bizning havo hujumidan mudofaa ham ishlamoqda. Ogoh bo‘ling”, deb yozgan Harbiy ma’muriyat rahbari Vyacheslav Chaus.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing