Rossiya Ukrainaning qarshi hujum rejalaridan xabar topgandi – Budanov
Olam
−
29 fevral
9273Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov Rossiya 2023 yilda Ukrainaning qarshi hujum rejalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda u CBC News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 25 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ilk bor Ukrainaning qarshi hujumi rejalari Kremlga u boshlanishidan oldin ma’lum bo‘lganini aytgandi.
"Men Prezidentdan ko‘proq narsani aytmoqchi emasman. Bizda rejalar Rossiya Federatsiyasiga ma’lum bo‘lgani haqida ma’lumot, dalillar bor. Bu jiddiy muammo va biz chora ko‘ryapmiz", deydi Budanov rejalarning oshkor bo‘lgani haqidagi savolga javoban.
Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hozirgi bosqichda harbiy harakatlarni muzlatib qo‘yishdan "juda xursand bo‘ladi". Uning fikricha, agar Ukraina mamlakatning bosib olingan hududlarini Rossiya deb tan olsa, Rossiya Federatsiyasi “g‘alabani nishonlaydi”.
"Bu hech qachon sodir bo‘lmaydi", deya qo‘shimcha qildi Ukraina harbiy razvedkasi rahbari.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning yozida Ukraina Qurolli kuchlari bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan qarshi hujumni boshladi. Dekabr oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev “istalgan natijalarga” erisha olmaganini tan oldi – qarshi hujum paytida ukrainalik harbiylar kichik hududni ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi, shu bilan birga, har ikki tomon ham yo‘qotishlarga duch keldi. Zelenskiy muvaffaqiyatsizlik sabablarini tushuntirar ekan, Ukraina o‘z ittifoqchilaridan barcha kerakli qurollarni olmaganini va Ukraina Qurolli kuchlarining cheklangan soni tezkor hujumga yo‘l qo‘ymasligini aytdi.
LiveBarchasi