Rossiya Ukrainada “qo‘g‘irchoq” hukumat tuzishga urinishda ayblandi. Bunga Moskvaning javobi qanday? 

Olam

image

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bostirib kirishidan keyingi rejalarini e’lon qildi. Rossiyaning harbiy kuchayishi sharoitida Kremlning Ukrainada rossiyaparast siyosatchini hokimiyat tepasiga olib kelish rejasi alohida rol o‘ynashi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.  

“Bizda Rossiya hukumati Ukrainaga ehtimoliy bosqinchilik va ishg‘ol etish to‘g‘risida qaror qabul qilish orqali Kiyevda rossiyaparast yetakchini hokimiyat tepasiga olib kelishga urinayotganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bor”, deyiladi bayonotda. 

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Rossiya razvedkasi bir qancha sobiq ukrainalik siyosatchilar bilan aloqada ekani ta’kidlangan. 

“Ulardan bazilari Ukrainaga hujumni rejalashtirishda ishtirok etgan rossiyalik razvedka xodimlari bilan aloqada”, deya qo‘shimcha qilgan TIV. 

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trassning so‘zlariga ko‘ra, “nashr etilgan ma’lumotlar Rossiyaning Ukrainaga putur yetkazishga qaratilgan harakatlari ko‘lamini yoritib beradi”. 

“Rossiya keskinlikni pasaytirib, tajovuzkorlik va dezinformatsiya kampaniyasini to‘xtatib, diplomatiya yo‘lida olg‘a intilishi kerak. Buyuk Britaniya va bizning hamkorlarimiz Ukrainaga har qanday harbiy aralashuv katta strategik xato bo‘lishini va katta xarajatga tushishini bir necha bor ta’kidlaganmiz”, deydi Trass. 

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga ko‘ra, Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Moskva o‘z vaqtida javob qaytarmaydi degan umidda Ukrainadagi hokimiyatni o‘zgartirish rejalari haqida oldindan ma’lumot tayyorlagan. Zaxarova Britaniya tomoni ma’lumot to‘ldirishni qanday amalga oshirganiga e’tibor qaratgan. 

“Material oldindan tayyorlangan, shekilli, uni shanba kuni tushdan keyin ham, kechqurun ham chop etish mumkin edi. Yo‘q, ular o‘z nuqtai nazaridan yaxshi vaqtni tanladilar — Moskva vaqti bilan tungi 1:30. Ular javob bermasligimizga ishonishdi va materialni OAVga oldindan jo‘natishdi. Biz bunga munosabat bildirdik va munosabat bildirishda davom etamiz”, degan diplomat. 

Zaxarova Britaniya Tashqi ishlar vazirligining harakatlarini “zararli axborot tajovuzkorligi” deb atagan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga  “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.

Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.

“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini  ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.

Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.

Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

161

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing