Rossiya-Ukraina urushi tubsizlikka eltadigan yo‘ldir – To‘qayev

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini va bu urush tubsizlikka eltuvchi yo‘l ekanini ta’kidladi. Bu haqda u Ostonada o‘tayotgan “Astana Think Tank Forum”ining yalpi majlisida so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, Prezident o‘z nutqi avvalida ushbu xalqaro forum ostida tashkil etilgan muloqot maydonchasi eng dolzarb global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha g‘oyalar almashish uchun xizmat qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, To‘qayev Qozog‘iston BMT Xavfsizlik Kengashida hamda boshqa xalqaro maydonlarda o‘rta davlatlar ovozini himoya qilishda davom etishini ma’lum qilgan.

“Biz yanada inklyuziv va barqaror xalqaro tizimni ko‘rishni istaymiz. Davlatlar ularning kattaligidan qat’i nazar, yaxshiroq dunyo barpo etishga o‘z hissasini qo‘sha olishlari kerak. Qozog‘iston bundan keyin ham xalqaro maydonda faol rol o‘ynashni izchil davom ettiradi. Biz diplomatiya, iqtisodiy hamkorlik va ko‘p tomonlama boshqaruv chorrahasida joylashganmiz. Bizning ta’sirimiz tufayli, hamkorlarimiz bilan birgalikda kelajakdagi dunyoni shakllantirishda muhim rol o‘ynaymiz. Biz o‘zgarayotgan xalqaro tartibda tomoshabin bo‘lishni istamaymiz, aksincha, yanada muvozanatli, adolatli va barqaror global tizim me’morlari bo‘lishga intilamiz", dedi Prezident.

Bundan tashqari, u Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha fikrini ham bildirgan. Jumladan, To‘qayev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokaralar davomida Rossiya harbiy jihatdan yengilmas davlat ekanini ta’kidlaganini eslab, Rossiyaning harbiy salohiyati, Prezident Putin siyosatini mamlakat aholisi qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etgan. 

“Shu sababli biz tinchlik yo‘llarini izlashni zarur deb hisoblaymiz hamda Xitoy va Braziliya kabi barcha davlatlarning realistik rejalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Boshqa yo‘l yo‘q. Muqobil yo‘l – o‘zaro qirg‘in urushi. Balki ba’zi global kuchlar bundan manfaatdor bo‘lishi mumkin, ammo bu tubsizlikka eltadigan yo‘ldir. Konstruktiv muzokaralar orqali tinchlikka intilish – bu kuchsizlik belgisi emas, balki strategik ehtiyotkorlikning namunasi”, deydi To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Germaniya Federal kansleri Olaf Shols Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan kelgan edi. Unda To‘qayev mehmon iltimosiga binoan Ukraina atrofidagi vaziyatni hal qilish haqida gapirib, Rossiyani harbiy jihatdan yengilmas deb atagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing