Rossiya Ukraina portlari va kemalariga zarba berdi

Olam

image

Rossiya Ukrainaning Odessa va Chernomorsk shaharlaridagi port infratuzilmasi hamda Ukraina harbiylarini qo‘llab-quvvatlagan kemalarga zarba berdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi kecha, 22 iyul kuni xabar qildi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, so‘nggi zarbalar Chernomorsk portida yuk tushirayotgan quruq yuk kemasi, harbiy yuk ombori, shuningdek, yonilg‘i va moylash materiallari saqlanadigan omborlarga qaratilgan.

Shuningdek, Odessadagi yuklash va saqlash inshootlari, Ukraina harbiylari uchun yuk olib kelayotgan quruq yuk kemasi hamda balker turidagi kemaga ham zarba berilgani aytilgan. Vazirlikka ko‘ra, Rossiya dronlari Ukraina dronlari saqlanayotgan uchta omborni ham nishonga olgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining 22 iyul kechqurun Telegram orqali tarqatgan qo‘shimcha bayonotida aytilishicha, kun davomida Rossiya dronlari Qora dengiz suvlarida va Chernomorsk portida to‘rtta yuk kemasi hamda bitta balkerga zarba bergan. Rossiya tomoni bu kemalar Ukraina harbiylari manfaatiga xizmat qilayotgan yuklarni tashiganini iddao qilgan.

Urush boshlanganiga qariyb to‘rt yarim yil bo‘lar ekan, Rossiya va Ukraina Qora dengiz hamda Azov dengizi atrofidagi harbiy faollikni kuchaytirdi. Har ikki tomon o‘nlab kemalar, jumladan neft tankerlari va yuk kemalariga hujum uyushtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiylari Qora dengizda Ukrainaning Odessa sohillari yaqinida xalqaro yuk kemasiga zarba berishi oqibatida kamida 5 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing